Ontogenez

Ontogenez (Yunoncha ontos — borliq va …genez) — organizmning individual rivojlanishi, uning shakllana boshlashidan hayotning oxirigacha sodir bo’ladigan ketma-ket o’zgarishlar majmui. » ntogenez» terminini nemis olimi E. Gekkel (1866) fanga kiritgan. Ontogenez urug’langan tuxum hujayra, ya’ni zigotadan boshlanadi. Jinssiz ko’payadigan organizmlarda yangi organizm ona hujayraning bo’linishidan (bir hujayralilarda), kurtaklanishdan yoki tugunak, ildizpoya va boshqa vegetativ organlardan (vegetativ ko’payishda) vujudga keladi. Ontogenez organizmning xususiy rivojlanishi davomida ro’y beradigan barcha morfologik, fiziologik va funktsional jarayonlarni qamrab oladigan, o’zaro uzviy bog’langan miqdor va sifat o’zgarishlari orqali amalga oshadi. Ontogenez ketma-ket keladigan bosqichlar rivojlanish davrlaridan iborat. Jinsiy ko’payadigan organizmlarda bu bosqichlar murtak (embrional), murtakdan keyingi, ya’ni postembrional va balog’atga yetish davrlarini o’z ichiga oladi. Ontogenez davomida rivojlanayotgan organizmning alohida qismlari o’sadi, ixtisoslashadi va o’zaro muvofiqlashadi. 18-asrda Ontogenezni tushuntirishda ikki kontsepsiya kurash olib bordi. Ulardan biri — preformizm Ontogenezni individual o’sishdan iborat deb tushuntirsa, ikkinchisi — epigenez esa uni strukturasiz murtakdan boshlanadigan yangi hosilaning rivojlanish jarayoni sifatida tushuntiradi. Zamonaviy tushunchalarga binoan, Ontogenez boshlanayotgan hujayrada irsiy axborot kodi holatida organizmning bundan keyingi rivojlanishi programmasi joylashgan. Ontogenez davomida bu programma yadro bilan tsitoplazmaning o’zaro ta’siri jarayonida murtakning har bir hujayrasida, uning har xil hujayralari va hujayra komplekslari o’rtasida amalga oshadi. Irsiy apparat maxsus oqsil molekulalarining sintezini kodlash orqali morfogenetik jarayonlarning umumiy yo’nalishini belgilab beradi. Bu jarayonlarning amalga oshishi ozmi-ko’pmi (irsiy belgilangan reaktsiya normasi chegarasida) tashqi muhit ta’siri bilan bog’liq. Hayvonlarda Ontogenez jarayonlarini boshqarishda nerv va endokrin sistemasi muhim ahamiyatga ega. Ontogenez jinsiy ko’payadigan ko’p hujayrali hayvonlarda, ayniqsa, murakkab sodir bo’ladi. Ular ontogenezida Ontogenezning murtakkacha (Proembrional), murtak (embrional), Murtakdan keyingi (postembrional), voyaga yetgan davrlari bo’ladi. Proembrional davr jinsiy hujayralarning yetilishi (gametogenez) va urug’lanish davrini; embrional davr embrionning tuxumdan yoki embrion pardadan chiqqungacha, postembrional davr jinsiy voyaga yetgunga o’tgan davrni, voyaga etgan davr esa organizmning yetuklik va keksaygan holatini o’z ichiga oladi. Hayvonlarda Ontogenezning 3 tipi ma’lum: 1) lichinkalik — tuxum po’stidan ancha erta chiqqandan so’ng organizm lichinka holida xayot kechiradi, lichinka davri oxirida esa metamorfoz yuz beradi; 2) tuxum qo’yuvchi — murtak uzoq vaqt tuxum ichida rivojlanadi, lichinka davri bo’lmaydi; 3) ona qornida urug’langan tuxum — tuxum yo’lida rivojlanadi, bunday holatda ba’zan murtak bilan ona organizm o’rtasida yo’ldosh orqali bog’lanish yuz beradi. An’anaviy ravishda Ontogenezni embriologiya o’rganar edi. Embriologiyadan rivojlanish biologiyasi ajralib chiqqandan so’ng embriologiyaning vazifasi murtakdan oldingi va murtak davrini o’rganish bo’lib qoldi. O’simliklarda Ontogenez urug’langan tuxum hujayraning rivojlanishidan boshlanadi. O’simliklarda Ontogenezning o’ziga xos xususiyatlari jinssiz (sporofit) va jinsiy (gametofit) naslning almashinishidan iborat. Sporofit zigotadan, gametofit — unib chiqayotgan sporadan hosil bo’ladi. Gulli o’simliklar hayotiy tsiklida sporofit ustunlik qiladi, erkak va urg’ochi gametofit esa qisqarib ketadi. Vegetativ ko’payishda Ontogenez ona organizm, shu jumladan, ixtisoslashgan organlar (ildiz-meva, tugunak, piyozboshi va boshqalar) hujayralarining bo’linishidan boshlanadi. Odatda, o’simliklar Ontogenezi embrionlik, yuvenil (yoshlik), yetuk, ko’payish va qarilik davrlariga bo’linadi. Ontogenez davrida o’simliklar hujayralari, to’qimalari va organlarining strukturaviy va funktsional ixtisoslashuvi yuz beradi; o’simliklar turli qismlarining o’zaro ta’siri murakkablashib boradi; yaxlit sistema sifatida butun bir organizm yoshga oid qaytmas o’zgarishlar paydo qiladi. Ontogenezda o’simliklarning bir butunligi fitogormonlar, shuningdek, har xil organlar, masalan, fotosintez qiluvchi organ — barglar bilan suv va mineral moddalarni shimuvchi ildiz o’rtasida metabolitlar almashinuvi orkali ta’minlanadi. Ontogenez davomida o’simlik o’sadi va rivojlanadi. O’sish o’simlikning bo’yiga ortishi, ya’ni miqsoriy o’zgarishi bo’lsa, rivojlanish sifat o’zgarishidan iborat. Ko’pchilik o’simliklar yopishib yashashi tufayli ular Ontogenezi ko’p jihatdan tashqi muhit sharoitiga bog’liq. O’simliklarda muhitning noqulay omillariga turli xil moslanishlar (tinim holati, fotoperiodizm va boshqalar) paydo bo’lgan. Shu tufayli ular faoliyatining faol davri yilning eng qulay fasliga to’g’ri keladi.