Opasiaklar

Opasiaklar — qadimgi Xorazm vohasidagi Jangadaryo bo’ylarida yashagan sak qabilalari (miloddan avvalgi 7-2-asrlar). Miloddan avvalgi 7-5-asrlarda Opasiaklar yarim o’troq hayot kechirib, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik hamda baliq ovlash bilan shug’ullangan. Opasiaklarning qarorgohlari xarobasidan ko’plab jez, temir buyumlar, sopol idishlar va tosh (kvarsit) qurollar topilgan. Miloddan avvalgi 4-2-asrlarda Opasiaklar madaniyati o’zining yuksak cho’qqisiga chiqqan. Bu davrga oid mudofaa inshootlari bilan mustahkamlangan antik shahar tipidagi yirik yodgorliklar (chirik-rabot, Bobishmulla va boshqalar)da olib borilgan tekshirishlar natijasida Opasiaklar madaniyati rivojlanganligi va uning Xorazm antik madaniyatiga yaqinligi aniqlandi.