Opistorxoz
Opistorxoz — gijja kasalliklari guruhiga mansub tabiiy o’choqli biogelmintoz. Surunkali kechadi va, asosan, jigar, me’da osti bezi hamda o’t pufagi zararlanadi. Trematodalar guruhiga mansub 2 xil opistorxlar qo’zg’atadi. Odam va hayvonlarda uchraydi. Mushuk, it, cho’chqa va odam parazitlarni tashuvchi manba bo’lishi mumkin. Gijja tuxumlari najas bilan tashqariga chiqib, suvga va u orqali chig’anoqlar organizmiga tushadi. Oradan 2-10 oy o’tgach lichinkalar paydo bo’lib, ikkinchi oraliq xo’jayin — baliqlarga, ulardan odam yoki hayvonlar organizmiga o’tadi va 2 yilgacha yashaydi. Parazitlar xom yoki chala tuzlangan, dudlangan baliqni iste’mol qilganda odamga yuqadi. Opistorxozning tabiiy o’choqlari Yevropa va Janubiy-Sharqiy Osiyoda ko’p uchraydi. Yosh bolalarda ham, kattalarda ham kuzatiladi. Dengizchilar, baliqchilar, qishloq xo’jalik xodimlari ko’proq kasallanadi. Kasallikning yashirin davri 2-4 hafta. Asosiy klinik alomatlari: bir oz isitmalash, xorg’inlik, ich buzilishi, terida toshmalar paydo bo’lishi, kamqonlik, V12 vitamini yetishmasligi. Kasallik oxirida o’t pufagi va o’t yo’llari, o’n ikki barmoq ichak va me’da osti bezlarining yallig’lanish alomatlari yuzaga keladi. Diagnoz o’n ikki barmoq ichak shirasi va najas tarkibida opistorxlarni laboratoriya usulida tekshirib topishga asoslanib qo’yiladi. Prazikvantel, xloksil, bitinol kabi preparatlar bilan davolanadi. Bemorlar 6 oygacha dispanser nazoratida bo’ladi.