O’PKA

O’PKA — odam, quruqlikda yashovchi hayvonlar va ba’zi baliqlarning havodan nafas olish a’zosi. O’pka ayrim mollyuskalar (quruqlikda va chuchuk suvda yashovchi qorinoyoqlilar), bo’g’imoyoqlilar (chayonlar), baliqlar (ikki xil nafas oluvchilar, panjaqanotlilar, ko’pqanotlilar), quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar va odamda qon bilan nafas olingan havo o’rtasida gaz almashinuvini amalga oshiradi. Ikki xil nafas oluvchi baliqlar O’pkasi kataklarga bo’lingan, ko’p qanotlilarda — silliq devorli xaltachadan iborat. Quruqlikdagi umurtqalilar O’pkasi qadimgi panjaqanotli baliqlar halqumi qorin qismi devorining bo’rtib chiqishi tufayli hosil bo’lgan. Suvda va quruqlikda yashovchilar O’pkasi silliq devorli xaltasimon, devorida burmalari bor. Sudralib yuruvchilar O’pkasi ham xaltasimon, lekin ichki qismi juda ko’p to’siq va burmali. Qushlar O’pkasi g’ovak. Sut emizuvchilar O’pkasidagi bronxlarning shoxlangan uchki qismida juda mayda pufakchalar — alveolalar bo’ladi; O’pka devorlari kapillyar qon tomirlari to’ri bilan qoplangan. O’pkaga havo nafas yo’llari (bo’g’iz, kekirdak, bronxlar) orqali o’tadi. Odamda O’pka bir juft bo’lib, ko’krak qafasining ikki tomonida joylashgan. U yaltiroq yupqa parda — plevra bilan zich o’ralgan, shakli konusga o’xshash; plevra bo’shlig’idagi ozgina suyuqlik nafas olganda O’pkaning erkin harakatini ta’minlaydi. Pastki yuzasi yoki asosi botiq bo’lib, ko’krak bo’shlig’ini qorin bo’shlig’idan ajratib turadigan to’siq — muskuldan iborat diaframaga taqalib turadi. O’pkaning uchi o’mrov suyagi ustidan 2-3 santimetr ko’tarilib, bo’yinning pastki qismiga kirib boradi. Qovurg’alarga takalgan yuzasi qavariq bo’ladi. Ichki yuzasi botiq bo’lib, yurakka va ko’ks oralig’idagi boshqa a’zolarga taqaladi; bosh bronx va O’pka arteriyasi shu yuzadan O’pkaga kirib, undan ikkita O’pka venasi chiqadi (O’pka darvozasi). Har bir O’pka plevra egatchalari bilan bo’laklarga bo’linadi; chap O’pka ikki (yuqori va pastki), o’ng O’pka esa uch (yuqori, o’rta va pastki) bo’lakka ajralgan. O’pka bo’laklari segmentlardan, bo’lakchalardan tashkil topgan (har bir O’pka 10 segmentdan iborat). Segment hajmi 0,5—1,0 santimetr, piramida shaklida tuzilgan segmentlar esa bo’lakchalardan tashkil topgan. Bu bo’lakchalar bir-biridan biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan devorcha va qon tomir bilan ajralib turadi. Bo’lakchalararo devorchalar nafas olishda bo’lakchalarning harakatchan bo’lishini ta’minlaydi. Nafas bronxiolasi va undan tarqalgan nafas naychasi, pufakchalari va alveolalar qo’shilib, uzum shingili shaklidagi O’pkalarning struktura va funktsional bir’ligi — asinus yoki Alveolalar daraxtini tashkil etadi. 12-18 asinus birgalikda O’pka bo’lakchasini, bir nechta bo’lakchalar qo’shilib, O’pka segmentini hosil qiladi. Alveolalarning juda yupqa devori yarim o’tkazuvchi biologik membrana bo’lib, kapillyarlardagi qon bilan alveolalardagi havo o’rtasida shu parda orqali gazlar almashinadi. O’pka segmentlari o’zaro qo’shilib, O’pka bo’lagi va nihoyat, O’pka bo’laklaridan O’pka hosil bo’ladi. O’pkalarda 800000 asinuslar yoki 300-500 million alveolalar uchraydi. Ularning sathi 30-100 metr kvadrat bo’ladi. O’pka bronxlari havo almashish jarayonidan tashqari, organizmda, suv, tuz va xlor miqdori bir me’yorda saqlanishiga ham yordam beradi. Katta odamlarda ikkala O’pkada o’rtacha 4,9—5,0 litr havo bo’ladi. Ulardan tinch nafas olish vaqtida (har bir nafas olganda) faqat 500 ml havo O’pkalarga kirsa, chuqur nafas olganda esa 1600 ml toza havo kirib, 1600 ml karbonat angidridga boy bo’lgan havo chiqadi. Shunday qilib, O’pkalarda hayotiy havo sig’imi o’rtacha 3500— 3700 ml gacha bo’ladi. Qolgan 1300— 1400 ml havo esa qoldiq havo bo’lib, o’pkada doimo bo’ladi. O’pkaga simpatik va parasimpatik nerv tolalari boradi. O’pka orqali suyuqlik va ba’zi gazsimon mahsulotlar ajraladi. O’pka gavda trasining muntazam bir me’yorda turishi va qon ivishini tartibga solib, organizmda oqsil, yog’va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. O’pka havo orqali kiradigan bakteriyalardan organizmni himoya qiladi. O’pka kasalliklaridan zotiljam, o’pka emfizemasi, sil va O’pka o’smasi ko’proq uchraydi.