Optik tizimlar

Optik tizimlar – optik elementlar (linza, ko’zgu, prizma, plastinka va hokazolar) majmui. Quyidagi ko’rsatkichlar bilan ifodalanadi: chiziqli apertura, burchakli yoki chiziqli kuzatish maydoni, optik kattalashtirish o’lchamlari, tasvirning sifatliligi, ajrata olish qobiliyati va yorug’lik energiyasini taqsimlay olishi. Optik tizimlar yordamida buyum tasviri fotoplastinka, fotoelement va boshqalarda hosil qilinadi yoki yorug’lik manbaidan chiqqan nur dastasining yo’nalishi, intensivligi va boshqalar o’zgartiriladi. Optik tizimlar ko’rsatkichlariga tegishli masalalar ideal optik tizim qonunlari orqali hal qilinadi. Tasvirning sifatliligi va ajrata olish qobiliyatida esa Optik tizimlarning quyidagi nozik xususiyatlari ham hisobga olinadi: optik tizim aberrasiyasi, difraktsion hodisalar, Optik tizimlarning noto’g’ri tayyorlanganligi va hokazolar. Tasvirning sifatliligini belgilaydigan omillar sifatida yo ko’ndalang to’lqin aberrasiyaning qiymati, yoki chastota-kontrast xarakteristika kattaligi olinadi. Optik tizimlar kinotexnika, televideniye, fotografiya, mikroskopiya, harbiy ish va boshqalar ko’p sohalarda qo’llaniladi.