Oqqushlar

Oqqushlar (Cygnus), oqquvlar — g’ozlar oilasiga mansub yirik qushlar. Bo’yni tana uzunligiga teng. Patlari ko’pincha oq rangda. O’zbekistonda 3 turi uchraydi. Vishildoq Oqqushlar — tumshug’idagi qora g’urrasi bilan boshqa turlardan ajralib turadi. Gavdasining uzunligi 180 santimetr, vazni 13 kilogramm. G’arbiy Yevropadan tinch okeanigacha bo’lgan hududlarda uya quradi. Baqiroq Oqqushlar gavdasining uzunligi 160 santimetrgacha, vazni 12 kilogrammgacha. Atlantika okeanidan tinch okeangacha bo’lgan hududlarda tarqalgan. Kichik Oqqushlar — gavdasining uzunligi 120 santimetrgacha, vazni 7 kilogrammgacha; asosan, tundrada yashaydi; chuchuk suvli ko’l, ba’zan dengiz qirg’oklaridagi qamishzorlarga uya quradi. Kichik Oqqushlarning urg’ochisi 5-12 ta tuxum qo’yib, 35-40 kun bosadi. Nari xam uya qurishda va bolalarini boqishda qatnashadi. Oqqushlar juda yaxshi suzadi va uchadi; o’simliklar, mayda suv jonivorlari bilan oziqlanadi. Ular chiroyli bo’lganligi uchun hayvonot bog’larida boqiladi. Tutqinlikda ko’payadi. Vishildoq va baqiroq Oqqushlar lar O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.