O’QTOYXON

O’QTOYXON, O’qtoy xon, O’gedey, Ugedey (11861241.11.7) mo’g’ullar davlati ulug’ xoni (1229— 1241.11.7); Chingizxonning 1-xotini, ya’ni Qo’ng’irot urug’ining ko’zga ko’ringan vakili Day no’yon qizi Bo’rta Fujindan tug’ilgan 3-o’g’il. Mo’g’ullar tomonidan 1219-20 yillarda Movarounnahrning zabt etilishida faollik ko’rsatgan. Chingizxon hayotligida O’qtoyxonni taxt vorisi deb e’lon qilgan. Chingizxon o’limidan 2 yil o’tgach, 1229 yilda Jo’jixon o’g’lonlari, Chig’atoy va Tulixon farzandlari hamda Bilgaday no’yon va Ilchidoy no’yon singari arkoni davlat ishtirokida chaqirilgan buyuk qurultoyda O’qtoyxon ulug’ xon (bosh hukmdor) etib saylangan. O’qtoyxon hukmronligi davrida shimoliy Xitoy butunlay mo’g’ullar qo’l ostiga o’tgan va xon Maxmud Yalavochta bu yurtni boshqarishni topshirgan. O’qtoyxon Xitoyni zabt etib qaytgach, 1235 yil Jo’jixonning to’ng’ich o’g’li Botuxon boshliq chingiziy xonzodalarni Dashti Qipchoq, bulg’or, rus, Alaniya, Mojariston, Cherkes, Boshqird va boshqalar ellarni fath qilish uchun yuborgan. Ushbu harbiy yurishlar 1240 yilning iyunigacha davom etgan. Bu davrda Qoraqurumni obod qilish ishlari amalga oshirilgan. Xitoydan keltirilgan ustalar va naqqoshlar yordamida ko’rkam ko’shklar, binolar quriladi. Xitoydan Qoraqurumgacha bo’lgan masofada bir-biridan uzoqligi taxminan 30 kilometrdan iborat 37 yomxona bunyod etilgan. Mo’g’ullarning yurishi vaqtida vayronaga aylangan Hirot shahrini qayta tiklashga muvaffaq bo’lingan, aholi ro’yxatga olingan. Mo’g’ulistonning bir qismi, Jung’oriya va Xitoyning bir qismi O’qtoyxon tasarrufida bo’lgan. Ayshu ishratga berilish, haddan tashqari ko’p sharob ichish oqibatida O’qtoyxon 1241 yilning 11 iyulida vafot etgan. Taxt ma’lum muddatga uning bevasi Turakina xotun qo’liga o’tgan. Ad.: Rashidaddin, Sbornik Letopisey, t. 2 [perevod s persidskogo Yu.P.Verxovskogo], M. — L., 1960; Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992; Mirzo Ulug’bek, to’rt ulus tarixi, T., 1994. Hamidulla Dadaboyev.