O’QUV REJASI

O’QUV REJASI o’quv yurtlarida o’qitiladigan fan, ularning bo’limlari, o’qitilish tartibi hamda har bir fanning yil davomida o’qitilishi, ularning o’quv yili va haftasida qancha miqdorda o’tilishi kerakligini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat. O’zbekistonda O’quv rejasi tegishli vazirliklar tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi. Bir tipdagi o’quv yurtlari uchun O’quv rejasi yagona va majburiydir. Shu bilan birga, har bir o’quv yurti O’quv rejasini belgilangan miqdorda o’zgartirishi mumkin. Shuningdek, mamlakatdagi tayanch oliy o’quv yurtlari uchun o’ziga xos O’quv rejasiga ega bo’lishga ruxsat etilgan. O’quv rejasining umumiy va majburiyligi ta’lim tizimi bosqichlarining uzluksizligini, jamiyatning barcha a’zolariga ilm olishning bir xil imkoniyatlarini ta’minlaydi. O’zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi barkamol shaxsni shakllantirishga qaratilganligi uchun ham O’quv rejasida ta’limning insonparvarlashuviga alohida e’tibor berilgan. O’quv yurtlarining O’quv rejasi muayyan qismlardan iborat bo’lib, ularda o’quv yurti o’quvchisi, talabasi yoki tinglovchisida shakllantirilishi lozim bo’lgan ilmiy, ma’naviy, kasbiy sifatlar hamda amaliy ko’nikma va malakalar hisobga olingan.