Orangutanlar

Orangutanlar (Pongo) — odamsimon maymunlar urug’ining yagona turi (oddiy orangutan). Erkagi gavdasining uzunligi 1,5 metrgacha, vazni 200 kilogrammgacha, urg’ochilari kichikroq. Orqa oyoqlari kalta, oldingi oyoqlari juda uzun bo’lib, orqa oyoq kaftigacha yetadi. Muskullari kuchli rivojlangan, gavdasi siyrak yung bilan qoplangan; yelkasi va boshidagi yunglari uzun; soqol va mo’ylovlari bor. Boshi baland; yuzi keng; ko’zlari bir-biriga yaqin joylashgan. Quloqlari, ko’zlari va burni kichik. Yuqori labi qalin, tishlari yirik. Sumatra va kalimantan orolining botqoqlashgan tropik o’rmonlarida yashaydi. Daraxtda hayot kechiradi, yerga deyarli tushmaydi. Kechasi daraxt shoxlarida tunash uchun uya quradi. Mevalar, qush bolalari va tuxumlari bilan oziqlanadi. Urg’ochisi va erkagi alohida yashaydi. Tug’ilgan bolasining vazni 1,5 — 2 kilogramm, onasini 3 -4 yil emadi. Orangutanlar 30 yilgacha yashaydi. O’rmonlarning kesilib ketishi va brakonerlar ovi tufayli Orangutanlar soni juda kamayib ketgan.