O’RATEPA ZILZILASI

O’RATEPA ZILZILASI — Turkiston tizmasining shimol etagida 1897 yil 17 sentyabr soat 15 yarimlarda sodir bo’lgan. Uning kuchi O’rta Osiyoning katta qismida sezilgan. Yer qimirlash markazida (O’ratepa yaqinida) magnitudasi 6,6, kuchi 8 ballga yetgan. Oradan 2 soat o’tgach, zilzila deyarli shunday kuch bilan yana takrorlangan. Zilzila zarbidan ko’plab qishloqlar, ayniqsa, O’ratepaning shimoli g’arbidagi uvoq, Irganakli, Turkoman kabi qishloqlar vayronaga aylandi. Tog’ yon bag’ridagi jinslar uvalanib, katta o’pirilishlar va ko’chkilarni keltirib chiqargan. Yer yuzasida 20-30 santimetrli yoriqlar paydo bo’lgan. 7-8 balli epitsentr zonasi 600 kilometr kvadrat hududni qamrab olgan. Zilzila kuchi Xo’jand, Qo’qon, Jizzax, Samarqand va Toshkentda 6-7 ball, Buxoro, Turkiston, Avliyoota (Taroz), Qo’qon, Andijon va Marg’ilonda 5 ball bilan sezilgan. Oldingi zilziladan shikast ko’rgan bir qancha imoratlar takroriy zilzilada butunlay buzilgan. Ayniqsa, Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Ulug’bek madrasasiga katta zarar yetgan. Keyingi yillarda Turkiston-Nurota tog’larida bir qancha zilzilalar qayd qilingan. Shulardan eng kuchlisi 1898 yilda Zominda 8 balli, 1923 yilda O’ratepada 7 balli va 1955 yilda Jizzaxda 6-7 balli yer qimirlashlar sodir bo’lgan. Bu zilzilalarning seysmotektonik sharoitlarini o’rganish natijasida Turkiston-Nurota zonasi ajratildi. Bu zona kuchli yer qimirlashlar bo’lib turadigan Janubiy Farg’ona seysmogen zonasining davomiga joylashgan.