Orenburg savdo yo’li

Orenburg savdo yo’li – Rossiya bilan O’rta Osiyo o’rtasidagi savdo yo’li. Rossiya hukumati 18-asrning 30-yillarida Qozog’iston yerlarini o’zlashtirish va O’rta Osiyo bilan savdoni rivojlantirish maqsadida yoyiq daryosiga quyiladigan O’r daryosi yonida harbiy qal’a qurishga kirishib, K. Kirillov boshchiligida Orenburg ekspedisiyasini tashkil etdi. Ekspeditsiyaga harbiy qal’a qurish bilan birga o’zbek xonliklari bilan aloqalarni rivojlantirish hamda o’zbek savdogarlariga imtiyozlar berish vazifalari yuklatildi. Orenburg shahri kelajakda Rossiyaning Turkiston o’lkasi bilan diplomatik, iqtisodiy aloqalarida muhim o’rin tutishi lozim edi. Hukumat ko’rsatmasida Toshkent, Xo’jand, Xiva, Buxoro bilan aloqani yuksak darajaga ko’tarishga alohida ahamiyat berildi. Buxoroga 1-marta savdo karvoni yuboriladigan bo’ldi, o’zbeklarga Rossiyada doimiy yashashga ruxsat ham berildi. 1735 yil avgustdan Orenburg shahriga poydevor qo’yildi, unda toshkentlik savdogarlar ham qatnashgan. 1744 yilda Orenburg gubernyasi tashkil topdi. Rossiya hukumati O’rta Osiyodan inglizlarni surib chiqarish uchun xonliklar bilan har qanday yo’l bilan bo’lsada diplomatik munosabatlarni qo’llab-quvvatladi, ularning elchilarini izzat-ikrom bilan kutib oddi. Tashqi ishlar kollegiyasi 1750 yilda Orenburgga Xiva xoni G’oyibxon vakillari kelganligini bilgandan so’ng gubernator Neplyuevga elchi orqali xonga tabrik va sovg’a yuborishni topshiradi va savdoni rag’batlantirish, Orenburgga ko’plab savdogarlarni yuborishni taklif etadi. 1753 yilda Xiva va Buxoroga Danilo Rukavkin boshchiligida savdo karvoni keladi. Orenburg savdo yo’lining uzunligi taxminan 2226 kilometr bo’lib, karvon uni 50-60 kun mobaynida bosib o’tgan. 1757, 1761 va 1763 yillarda Xiva elchilari Orenburg va Astraxonga keladi. So’ngra elchi har yili aprel va avgust oylarida Xiva mahsulotlarini Astraxonga tashib berish uchun Mang’ishloqqa rus kemalarini yuborishni so’raydi. 1774 yilda Buxoro elchisi Ernazar Maksutov Kaspiy dengizi atroflarida bepul savdo qilishga ruxsat oladi. Shundan so’ng buxoroliklarga Rossiya orkali Makkaga haj safariga borishga ruxsat beriladi. Orenburg savdo yo’li Rossiyaning O’rta Osiyo xonliklari bilan iqtisodiy, siyosiy va savdo-sotiq ishlarini kuchaytirishda muhim rol o’ynadi. Nazirboy Tojiboyev.