Organik o’g’itlar

Organik o’g’itlar – tarkibida o’simlik yoki hayvon organik birikmalari shaklida oziq moddalari bo’lgan o’g’itlar. Organik o’g’itlarga ko’pgina mahalliy o’g’itlar, yashil o’g’it, shahar kommunal xo’jaligi chiqindilari (axlat va ularning kompostlari, oqindi suvlar cho’kindilari, najas), oziq-ovqat, ko’n va boshqa sanoat tarmoqlari chiqindilari hamda sapropel (cho’kma loyqa), poxol va boshqalar kiradi. Organik o’g’itlar tuproqda biologik jarayonlarni kuchaytirib, uning fizik va kimyoviy xossalarini yaxshilaydi, oziq moddalar mikdorini oshiradi, tuproqning muhim agronomik xususiyatlariga har tomonlama ta’sir etadi va to’g’ri qo’llanilganda barcha ekinlar hosildorligini keskin oshiradi. Tuproq mikroorganizmlari hayot faoliyati natijasida Organik o’g’itlar parchalanganda o’simliklar o’zlashtira oladigan mineral birikmalar va chirindi hosil bo’ladi. Masalan, tuproqqa go’ng orqali o’simliklar uchun kerakli barcha oziq moddalar (makro va mikroelementlar) tushadi. Bunday o’g’itlar to’liq o’g’itlar deb ataladi. Organik o’g’itlar tuproqqa solingan yilidagina emas, balki bir necha yil ta’sir etadi. Organik o’g’itlar faqat o’simliklar uchun mineral oziq moddalar manbai bo’lib qolmasdan, SO2 manbai hamdir. Organik o’g’itlar tuproq mikroorganizmlari uchun energetik material va oziq manbai bo’lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, go’ng va najasning o’zi mikrofloraga boy bo’ladi. Shuning uchun Organik o’g’itlarning solinishi tuproqda azot to’plovchi bakteriyalar, ammonifikatorlar, nitrifikatorlar va boshqa foydali mikroorganizmlar guruhlari faoliyatini kuchaytiradi. Masalan, tipik soz tuproq yerlardagi g’o’zaga uzoq yillar davomida go’ng solinib turilganda tuproqning suv o’tkazuvchanligi ancha yaxshilanadi. Egatlarga birinchi bor suv taralganda tuproqning bir soatda suv ichishi o’g’itlanmagan dalada gektariga 117 m3 ni, har yili go’ng solinadigan dalada esa 195 m3 ni tashkil etdi. Organik o’g’itlar gektariga 15-20 tonna va undan ortiq normada haydash vaqtida asosiy o’g’it sifatida ishlatiladi. Ular g’o’za-beda-g’alla almashlab ekishda bedapoya haydalgandan keyin 5-6-yillari solinadi. Organik o’g’itlar o’simliklarni oziqlantirishda mineral o’g’itlar bilan birgalikda ham qo’llaniladi. Ad.: Skryabin F. A., Navoz v sisteme udobreniy xlopchatnika v oroshaemix usloviyax Sredney Azii, T., 1970; Rekomendatsii po primeneniyu udobreniy v respublikax Sredney Azii, T., 1974; lig- nin asosidagi organik o’g’itlar yuqori hosil omili, T, 1978. Ergash Ziyamuhamedov.