Oryol viloyati

Oryol viloyati — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1937 yil 27 sentabrda tashkil etilgan. Markaziy iqtisodiy rayonga kiradi. Maydoni 24,7 ming km2. Aholisi 898,9 ming kishi (2000), asosan, ruslar (96,9%), shuningdek, ukrainlar (1,3%), va boshqa millat vakillari (1,8 %) ham yashaydi. Shahar aholisi 63,2%. Markazi — Oryol shahri. Tarkibiga 24 ma’muriy tuman, 7 shahar va 14 shaharcha kiradi. Boshqa yirik shaharlari — Livni, Mtsensk. Oryol viloyati O’rta Rossiya qirlarida joylashgan. Daryo vodiylari va jar ko’p. Foydali qazilmalari: ohaktosh, dolomit, bo’r, har xil gillar, qum, temir rudasi. Iqlimi mo»tadil kontinental. Yanv.ning o’rtacha temperaturasi -9°, iyulniki 18°. Yillik yog’in 500 mm (eng ko’pi yozda yog’adi). Vegetatsiya davri 190-200 kun. Asosiy daryosi — Oka va uning irmoqlari. Sun’iy hovuz ko’p. Tuprog’i qoratuproq, to’q kulrang o’rmon, chimli podzol tuproklar. 10% hududi o’rmon (dub, zarang). Bo’ri, tulki, suv kalamushi, yumronqoziq va boshqalar yashaydi. Viloyat hududida Oryol Polesesi milliy bog’i joylashgan. Asosiy sanoat tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik. Oryol viloyatida avtogreyderlar, yengil, oyna va oziq-ovqat sanoatlari uchun asbob-uskunalar, hisoblash texnikasi va avtomatlashtirish vositalari, priborlar, soatlar va boshqalar ishlab chiqariladi. Metallsozlik (po’lat prokati, sim, metall to’ri va boshqalar), yengil (paypoq, poyabzal, kiyim), oziq-ovqat (sut, go’sht, qand) sanoati korxonalari, Oryol GES bor. Eng yirik korxonalari: «Oryol» po’lat-prokat zavodi, «orleks», «Yantar» soatsozlik korxonasi, boshqaruvchi hisoblash mashinalari zavodi, «Dormashina», «tekmash» (Oryol shahri) zavodlari; gidravlik mashinalar zavodi (Livni shahri), alyuminiy zavodi. Qishloq xo’jaligida texnika ekinlarini yetishtirish rivojlangan, don-chorvachilik yo’nalishi ham asosiy o’rin tutadi. Bug’doy, suli, kartoshka, sabzavot-poliz, ozuqa ekinlari ekiladi, mevachilik rivojlangan. Sut-go’sht chorvachiligi, cho’chqachilik, go’sht-jun qo’ychiligi, parrandachilik taraqqiy etgan. Zotli yilqichilik mashhur. Oliy o’quv yurti, kutubxonalar, muzey, teatr, bor. Viloyat hududida I. S. Turgenevnint Spasskoe- Lutovinovo muzey usadbasi joylashgan.