Organizmning reaktivligi

Organizmning reaktivligi – organizmning tashqi muhit ta’siriga javoban hayot faoliyatini o’zgartirib reaktsiya ko’rsatishi. Yuksak hayvonlarda ravshanroq, nerv sistemasi oddiy tuzilgan organizmlarda kamroq bilinadi. Organizmning reaktivligi organizm genotipidan kelib chiqadi va turga xos belgi hisoblanadi. I. P. Pavlov oliy nerv faoliyati va uning tiplariga baho berishda «reaktivlik» terminini tatbiq etgan. Klinik tibbiyotda bemorning ahvoliga umumiy baho berishda Organizmning reaktivligi termini ishlatiladi. Ichki va yuqumli kasalliklar klinikasida, masalan, pnevmoniya, sil, dizenteriya va boshqa kasalliklarning reaktiv (giperergik) va kam reaktiv (allergik, gipoergik) shakllari tafovut qilinadi. Tez, og’ir o’tadigan kasalliklarni reaktiv shakllarga, sust, bilinar-bilinmas o’tadigan kasalliklarni esa kam reaktiv shakllarga kiritilgan. Xirurgiyada jarohatning turlicha bitishi, sepsis, peritonit va boshqa kasalliklarning har xil o’tishi Organizmning reaktivligining o’zgarishiga bog’liq. Jarohatning tez bitishi, bir talay qizil granulyasiya paydo bo’lishi, mukammal epiteliy rivojlanishi Organizmning reaktivligining yuksak darajada ekanligini ko’rsatadi. Organizmning reaktivligining biologik (turga xos), guruhli va individual turlari bor. Hayvonlarning muayyan turiga xos Fiziologik va patologik reaktivlikning eng xarakterli xususiyatlari biologic reaktivlikka kiritiladi. Guruhli reaktivlik biologik reaktivlik asosida shakllanadi. Individual reaktivlik individ (shaxs)ning Konstitutsiyasi, jinsi, yoshi, yashash sharoitiga bog’liq. Bola o’sgan sayin Organizmning reaktivligi takomillashib boradi. G’oyat zararli omillar ta’sir etganda patologik reaktivlik ro’y beradi. Masalan, homiladorlik toksikozlarining ba’zi shakllarida Organizmning reaktivligi allergik tipda o’zgaradi. Patologik reaktivlik ko’pgina kasalliklar (revmatizm, gipertoniya kasalligi, bronxiol astma va boshqalar) patogenezida muhim rol o’ynaydi.