Oltin bozori

Oltin bozori — oltin bilan oldi-sotdi operatsiyalarini doimiy ravishda amalga oshiruvchi markaz. Jahon Oltin bozori mintakaviy bozorlardan tarkib topadi. Ularning eng yiriklari London, Syurix, Nyu-York, Jeneva, Melburn shaharlarida joylashgan. 1919 yildan buyon faoliyat ko’rsatib kelayotgan London Oltin bozorida kun davomida 2 marotaba oltinning maxsus narxi (fiksing)nm belgilash tartibi joriy etilgan. London bozoridagi narxlar eng qulay hisoblanib, turli hisob-kitoblar uchun baza vazifasini bajaradi va uzoq muddatli shartnomalarda narxlarni belgilash uchun qo’llanadi. Syurix Oltin bozori 1970 yildan faoliyatni boshlagan bo’lib, 1980-yillarga kelib eng yirik markazlardan biriga aylandi, jahonda oltinga bo’lgan talabning asosiy qismi ushbu bozor orqali qondiriladigan bo’ldi. Hozirgi paytda dunyo oltin savdosining 40% Shveytsariyada o’tkaziladi. Shveytsariya banklarining afzallik tomonlari shundan iboratki, ular jahonning barcha hududlaridagi Oltin bozorilarida joylashgan. 1970 yilda AQShda oltin demonetizatsiyasi, ya’ni 40 yil davomida mavjud bo’lgan rezidentlar tomonidan oltinni sotish va sotib olishni taqiqlovchi shartnoma bekor qilinishi bilan Oltin bozori rivojlandi. Chunki bu shartnoma AQSh rezedentlariga xususiy ravishda oltin quymalarini saqlash imkonini bermas edi. Oltin savdosining erkinlashtirilishi Nyu-York va Chikago tovar birjalaridagi xalqaro pul bozorini oltin fyuchers shartnomalari asosida amaliyotlar olib boruvchi yirik markazga aylantirdi. U markazlarda oltin yetkazib berish bo’yicha dunyoning 90% fyuchers shartnomalari imzolanadi. Xalqaro telekomunikasiyaning yuksak daraja rivojlanishi ham maxsus kompyuter tarmoklari orqali oldi-sotdi shartnomalarni tuzishga zamin yaratdi. Bunday savdoda faqatgina oltinni etkazib berish sharti ko’rsatiladi, xaridor va sotuvchining kaerda joylashgani ahamiyatli emas. Oltin ishlab chiqaruvchi mamlakatlar va xususiy zaxira egalari oltin sotuvchilar hisoblansa, xususiy firmalar, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar, investorlar, tezavratorlar, Markaziy banklar va maxsus fondlar uning iste’molchilaridir. Deyarli barcha mamlakatlarning Markaziy banklari oltinni xalqaro zaxira tarkibida saqlaydilar. Jahonda turli davlatlarning oltin zaxiralari hajmi turlicha. Masalan, bu ko’rsatkich AQShda 8,1 ming tonna, Germaniyada 3,5 ming tonna, Frantsiyada 3 ming tonna, Italiyada 2,5 ming tonna va Xalqaro valyuta fondida 3,2 ming tonnaga teng. Bir yil davomida eng ko’p oltin ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga JAR (394 tonna), AQSh (335 tonna), Avstraliya (285 tonna), Xitoy (183 tonna), Rossiya (165 tonna), Kanada (157 tonna), Peru (134 tonna) va O’zbekiston (84 tonna) kabi davlatlar kiradi (2002). Fayzulla Mullajonov.