Organogenez

Organogenez (Yunoncha organon — organ va … genez) — ko’p hujayralilarda embriogenezning oxirgi bosqichi, organlarning hosil bo’lishi, shakllanishi va ixtisoslashuvi jarayoni. Organogenez gastrulyatsiyada ektoderma, entoderma, mezoderma kabi homila qavatlari hosil bo’lishidan boshlanadi. Ektodermadan nerv sistemasi, sezgi organlari, terining ustki qismi va uning hosilalari, oldingi va orqa ichak epiteliysi; entodermadan o’rta ichak epiteliysi, hazm bezlari, nafas organlari; mezodermadan tayanch harakat sistemasi, skelet va muskullar, yurak, qon va limfa tomirlari, jinsiy va siydik organlari hosil bo’ladi. O’simliklarda «Organogenez» termini, odatda, asosiy organlar (ildiz, poya, barg, gullar)ning ontogenez jarayonida meristemadan shakllanishi va rivojlanishini ifodalaydi.