O’RMON XO’JALIGI INSTITUTI

O’RMON XO’JALIGI INSTITUTI, O’zbekiston o’rmon xo’jaligi ilmiy tadqiqot instituti — o’rmonchilik sohasidagi yirik ilmiy markaz. Toshkent shahrida joylashgan. Dastlab 1932 yilda O’zbekiston, Tojikiston, Turkmanistondagi o’rmon tajriba stansiyalari va tayanch punktlarini o’z tarkibiga olgan O’rta Osiyo o’rmonchilik Markaziy tajriba stansiyasi sifatida tashkil topgan. 1934 yildan O’zbekiston fan qo’mitasi agroo’rmon melioratsiyasi va o’rmon xo’jaligi sektori, 1940 yildan O’zbekiston agroo’rmon meliorasiyasi va o’rmon xo’jaligi ilmiy tekshirish instituti, 1948 yildan O’rta Osiyo o’rmon xo’jaligi ilmiy tekshirish instituti, 1992 yildan hozirgi nomda. Instituti tarkibida (2005): 3 ta ilmiy bo’lim, 8 ta sektor va 2 ta guruh, laboratoriya, patent, ilmiy-texnik ma’lumotlar bo’limi va ilmiy kutubxona mavjud. 4 ta (Chatqol, Qo’qon, Qoraqum, Mirzacho’l) tajriba stansiyalari, Buxoro tayanch punkti hamda «O’rmonmash» kichik korxonasi, tajriba — ishlab chiqarish xo’jaligi va tajriba o’rmon uchastkasi bor. Institutda o’rmon-meliorativ usullar bilan cho’l yaylovlari samaradorligini oshirish; qumli cho’llarda o’simlik (juzg’un) urug’i ekadigan mashinalar yaratish; sellar vujudga keladigan manbalarda o’rmonzorlar barpo etish; xandon pistaning sanoat plantatsiyalarini yaratish; imoratbop teraklarning sanoat plantattsiyalarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqish; o’simliklarning genetik resurslarini o’rganish va respublika Florasini saqlash, boyitish, ulardan foydalanish; o’rmon xo’jaligi uchun mashinalar sistemasini ishlab chiqish va boshqalar yo’nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Institutda tog’ o’rmon melioratsiyasi sohasida eroziya va selga qarshi o’rmon ihotazorlari barpo etish nazariyasi va amaliyoti ishlab chiqildi, tog’ qiyaliklarida lalmi bog’lar barpo etish, tog’ o’rmonlarining mahsuldorligini oshirish va qayta tiklash usullari yaratildi. Eroziyaga yo’l qo’ymaydigan daraxtbutalar turxilini yetishtirish, o’rmon urug’chiligi, o’rmon daraxtlari selektsiyasi, cho’llarni o’rmonmeliorativ usullari bilan o’zlashtirish, ko’chma qumlarni mustahkamlash va o’rmon barpo etish, cho’l o’rmonlarida xo’jalik qumlarini mustahkamlash va o’rmonlar barpo etish, cho’l o’rmonlarida xo’jalik ishlari olib borish, cho’l maydonlarida yailov ihotazorlari va meliorativ ozuqalari barpo etish agrotexnikasi, o’rmon daraxtlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishning zamonaviy usullari ishlab chiqildi. Yong’oq va pistaning sanoat plantasiyalarini barpo etish maqsadida qimmatli nav va shakllarni yaratish, qora saksovul va archaning o’rmonurug’chilik plantatsiyalarini barpo etish va boshqalar ishlar amalga oshirildi. Mexanizatsiya bo’limida o’rmon xo’jaligida qo’llaniladigan 20 ga yaqin mashinalar yaratildi. Institut faoliyati prof.lar V.L.Drobov, V.M.Savich, F.K. Kocherga, V.M.Rovskiy, G.P.Ozolin, M.B. Doshchanov, A.A. Xonazarov, A. K. Qayimov va boshqalar olimlarning nomlari bilan bog’liq. 2005 yilda institut bazasida Respublika manzarali bog’dorchilik va o’rmon xo’jaligi ilmiy — ishlab chiqarish markazi tashkil etildi. Abdushukur Xonazarov.