O’RTA CHIRCHIQ TUMANI

O’RTA CHIRCHIQ TUMANI — Toshkent viloyatidagi tuman. Hududining ko’p qismi Chirchiq daryosi bilan Toshkent kanali oralig’ida joylashgan. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Shimoli Sharqda Yuqori Chirchiq, Sharqda Ohangaron tumanlari, shim.da Toshkent shahri, Zangiota tumani, g’arbda quyi Chirchiq, Janubda Oqqo’rg’on va Piskent tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,51 ming kilometr kvadrat. Aholisi 163,4 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (To’ytepa), 2 shaharcha (Tuyabo’g’iz, Yangihayot), 13 qishloq fuqarolari yig’ini (Angor, Do’stlik, Istiqlol, Navoiy, Oxunboboyev, Oqota, Uyshun, Paxtakor, Paxtaobod, Yunuchqala, Yangiturmush, O’rtasaroy, Qorasuv) bor. Tuman markazi — To’ytepa shahri. Tabiati. Tuman hududi Chirchiq daryosining chap sohilidagi tekislikda joylashgan. Iqlimi kontinental. Qishi sovuq, yozi issiq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0-4°, eng past temperatura 19°, -20°. Iyulniki 28-30°, eng yuqori temperatura 41-42°. O’rtacha yillik yog’in 450-460 millimetr. Vegetatsiya davri 300 kun. Tuman hududidan Polvonov nomidagi Toshkent, Qorasuv kanallari, shimoli g’arbidan Chirchiq daryosi oqib o’tadi. Bir necha kollektor bor. Tuman Janubda Tuyabo’g’iz suv ombori («Toshkent dengizi») joylashgan. Tuproqlari bo’z tuproq. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, qamish, yulg’un va boshqalar o’sadi. Hayvonlardan chiyabo’ri, tulki, yumronqoziq, suvilonlar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, tatar, rus, koreys va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 320,3 kishi (2004). Shahar aholisi 38,7 ming kishi, qishloq aholisi 124,7 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda yirik, o’rta biznes, 125 kichik korxona va 1143 mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. O’zbekiston — Koreya «Kabul — To’ytepa LTD» ip yigiruv — to’quv, O’zbekiston — Germaniya «Xakipet», «Xusayn Mirzo», qo’shma korxonalari ishlab turibdi. Ishlab chiqarish birlashmalari, metallkonstruktsiyalari, temirbeton, asfaltbeton, 2 paxta tozalash zavod, MTP, tikuvchilik fabrikasi, don qabul qilish korxonasi bor. 13 jamoa xo’jaligi, o’quv tajriba korxonasi faoliyat ko’rsatadi. Tuman qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashgan. O’rta Chirchiq tumanida jami sug’oriladigan 28,6 ming gektar yerga paxta, 11,5 ming gektar yerga don, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari, beda ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda 32 ming qoramol, shuningdek, 321,7 ming qo’y va echki, 205,2 ming parranda, 21,7 ming yilqi boqiladi (2005). O’rta Chirchiq tumanida Respublika sholikorlik ilmiy tadqiqot instituti, 74 umumiy ta’lim, bolalar san’at, sport maktablari, akademik litsey, gimnaziya, 2 kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kutubxonasi, Markaziy madaniyat uyi, 2 madaniyat va istirohat bog’i, 8 klub muassasasi bor. 3 stadion, sport zallari, otish tirlari, futbol, voleybol, basketbol, qo’l to’pi maydonchalari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, 3 poliklinika, tug’ruqxona, dorixona, 20 qishloq vrachlik punktlari, 21 feldsherakusherlik punktlari aholiga xizmat ko’rsatadi. O’rta Chirchiq tumani avtomobil yo’llari orqali Toshkent shahri va boshqalar shaharlar bilan bog’langan. Tuman hududidan Toshkent — Angren temir yo’l o’tadi. 1932 yildan «Mash’al» tuman gazetasi chop etiladi. Andrey Kubatin.