O’RTA DENGIZBO’YI O’LKASI

O’RTA DENGIZBO’YI O’LKASI — Yevrosiyo va Afrika materiklarining O’rta dengizga tutash hududlari hamda undagi Orol va yarim orollarni o’z ichiga olgan tabiiy o’lka. O’rta dengiz bo’ylab joylashgan tarixiy viloyatni ham anglatadi. Maydoni 4 million kilometr kvadrat (G’arbiy Osiyo tog’liklari bilan 5 million kilometr kvadratdan ziyod). Relefi, asosan, tog’lik; karst va erozion relef shakllari ko’p uchraydi. O’rta Dengizbo’yi o’lkasi vulkanizm (Etna, Stromboli, Vezuviy vulkanlari) va tektonik harakatlar faol zona. Iklimi subtropik o’rta dengiz iqlimi, yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda 0-2°, Janubda 10-12°, iyulda 19-20° dan 28— 30° gacha. Yillik yog’in tekisliklarda 300-400 millimetrdan tog’larda 3000 millimetrgacha. Daryolari, asosan, yomg’ir suvlaridan to’yinadi, qishda to’lib oqadi. Cho’l va chala cho’l landshafti ustun. Toshloq yalangliklar bor. Tabiiy o’simlik qoplami deyarli qolmagan. Subtropik dehqonchilik rivojlangan (tokzorlar, tsitrus mevalar va zaytun daraxtlari plantasiyalari bor). Tamaki, paxta, shuningdek, bug’doy, makkajo’xori ekiladi. Chorvachilik bilan shug’ullaniladi, dengizdan baliq ovlanadi. Turizm rivojlangan: O’rta dengizbo’yi o’lkasidagi qadimiy obidalar va xushmanzara joylar millionlab turistlarni o’ziga jalb etadi. Inson O’rta dengizbo’yi o’lkasida quyi paleolit davridan yashay boshlagan. O’lka inson tsivilizasiyasi (tamadduni)ning ilk makonlaridan.