O’RTA OSIYO QO’ZG’OLONI
O’RTA OSIYO QO’ZG’OLONI (1916), mardikorlar qo’zg’oloni — 1-jahon urushi davri (1914-18)da Rossiya podsho hukumatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi O’rta Osiyo xalqlarining chiqishlari. O’rta Osiyo qo’zg’oloni aslida o’lkada tobora kuchayib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qarama-qarshiliklar mahsuli bo’lib, uning boshlanishi uchun Nikolay II ning 1916 yil 25 iyundagi mardikorlikka olish haqidagi farmoni bahona bo’lgan. Bu farmon ijtimoiy-iqtisodiy tomondan ahvoli tang bo’lib turgan xalqning sabrkosasini to’ldirib yubordi. Dastlabki qo’zg’olon 4 iyul kuni Samarqand viloyatining Xo’jand shahrida boshlandi. Olomon polisiya idorasida to’planib mardikorlikka olishni to’xtatishlarini talab qildi. Bunga javoban chor ma’muriyati soldatlari ularni o’qqa tutdi. Bunday voqealar Samarqand viloyatining Siyob, Mahalla, Xo’jaahror, Dahbed, Jizzax, Sangzor, Zomin, Gadoytopmas, Jumabozor va boshqalar joylarda bir-biriga ulanib ketdi. Qo’zg’olonlarning birin- ketin mag’lubiyatga uchrashiga qaramay xalq ommasi bosh ko’tarishdan qaytmadi. Qo’zg’olonlarning hammasi shafqatsizlik bilan bostirildi. Turkiston o’lkasining Sirdaryo viloyatida ham xalq qo’zg’olonlari avjiga chiqdi. Bu yerdagi qo’zg’olonlarni ayollar boshlab berdilar. Dastlabki qo’zg’olon 11 iyul kuni Toshkent shahrida boshlanib, ular soni 2000-3000 kishi atrofida edi. Qo’zg’olonchilar Olmazordagi politsiya idorasiga to’planganlar, oldingi saflarda ayollar turishgan. Qo’zg’olonchilar mardikorlikka olinadiganlar ro’yxatini yirtib tashlash uchun politsiya binosiga bostirib kirishgan va derazalarni toshbo’ron qilishgan. Shunda pristav Mochalov xalqqa qarata o’t ochishga buyruq bergan va qo’zg’olon faollaridan bo’lgan Ruzvonbibi Ahmadjonovani o’z qo’li bilan otib tashlagan. Qo’zg’olon qonga botirilgan. Qo’zg’olonlar Sirdaryo viloyatining To’ytepa, Xonobod, Zangi- ota, Perovskiy, Avliyoota va boshqalar joylarida ham shiddatli tus olgan. Qo’zg’olon alangasi Farg’ona viloyatini ham qamrab oldi. U yerdagi dastlabki qo’zg’olonni 9 iyulda Andijon shahri aholisi boshlab berdi. Ertasiga Dalvarzin, 13 iyulda esa Chuama qishlog’i aholisi qo’zg’olon ko’tardi. Viloyatdagi eng yirik qo’zg’olon Marg’ilon shahrida bo’lib, unda 20-25 ming kishi qatnashdi. Qo’zg’olonlar Farg’ona viloyatining Andijon, Namangan, Qo’qon, O’sh va Skobelev uezdlarida davom etdi. Turkiston o’lkasi bo’yicha eng ko’p qo’zg’olonlar aynan shu viloyatda bo’lib o’tgan edi. Mustabid hukumat yuzlab qo’zg’olonchilarni hibsga oldi va ularni qattiq jazoladi. Qo’zg’olonchilar ishi bo’yicha sud jarayonlari harbiy vazir D.S.Shuvayev farmoni bilan tashkil qilingan maxsus muvaqqat harbiy sudlar tomonidan amalga oshirilgan. Sud ishlari yopiq eshiklar ortida, mutlaqo yashirin tarzda o’tkazilgan. Ularga harbiy sud orqali o’lim, surgun va turli muddatlarga qamash jazolarini berish bilan qo’zg’olon qatnashchilaridan qattiq o’ch olindi. Chor ma’muriyati belgilangan 200 ming 470 kishi o’rniga 123 mingdan ortiq mardikorlarni safarbar qilishga muvaffaq bo’ldi. Ulardan 101 600 kishi Rossiyaning Yevropa qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtirilgan. 10 mingdan ortiq kishi Turkiston o’lkasida ishlatilgan. O’rta Osiyo qo’zg’olonining o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda o’zbek, qozoq, tojik, qirg’iz, turkman va qoraqalpoqlar birgalikda mardonavor kurashdilar. Kurash davomida xalqlarning tarixan shakllangan birodarligi va do’stligi yaqqol namoyon bo’ldi. Qo’zg’olon nihoyatda ommaviy tus olganligi sababli uning dovrug’i Rossiyaga yetib bordi. Ayniqsa, uni bostirish bilan bog’liq fojialar dahshatli bo’ldi, hatto Rossiya davlat dumasining diqqatini jalb etdi. oppozitsiyadagi fraktsiyalar maxsus komissiya tuzib 1916 yil qo’zg’olonining sabablari va oqibatlarini o’rgandi. So’ngra Duma majlisida komissiya a’zolari va so’zga chiqqanlar orasida chor hukumatining siyosatini g’ayriqonuniyligini, adolatsizligini va tub aholining ustidan yurgizgan zulmini fosh etdilar. Xalq qo’zg’olonlarini Peterburgda, Rossiya davlat Dumasida muhokama etilishida jadidlarning, ayniqsa, Ubaydulla Asadullaxo’jayevning xizmati katta bo’ldi. O’rta Osiyo qo’zg’oloni chor hukumatining mustamlakachilik va ulug’ millatchilik siyosatiga qattiq zarba berdi. Bu kurash milliy zulm, o’lkani Rossiyaning xom ashyo manbai va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirishga qarshi qaratildi. Qo’zg’olon o’zbek va o’lkaning boshqa xalqlarining mustaqillik, ozodlik uchun olib borgan kurashlari tarixida o’chmas iz qoldirdi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 1J. [Turkiston chor Rossiyasi mustamla- kachiligi davrida], T., 2000; Ziyayev H., O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashlarning tarixi, T., 2001; Ismoilova J., Farg’ona vodiysida milliy ozodlik kurashlari, T., 2003. Jannat Ismoilova.