Otajon Hoshim

Otajon Hoshim (taxallusi; asl ism-sharifi Hoshimov Otajon) (1905— Toshkent — 1938.4.10) — adabiyotshunos, jamoat arbobi. Rus-tuzem maktabida, so’ngra o’qituvchilar tayyorlash bilim yurtida o’qigan (1919-21). Iqtidorli o’quvchi sifatida Moskvadagi Buxarin nomidagi ishchilar fakultetiga o’qishga yuborilgan (1922). Uni tugatgan Otajon Hoshim Qizil professorlar institutining tayyorlov bo’limiga qabul qilingan (1923). Otajon Hoshim mazkur institutda o’qib yurgan kezlarida (1924-27) o’zbek drama studiyasi tinglovchilariga dare bergan. Sog’lig’i yomonlashgani bois institutni tugatmay, ona vataniga qaytgan Otajon Hoshim o’zbek yozuvchilarining birinchi adabiy uyushmasi — «qizil qalam» tashkilotiga rahbarlik qiladi (1926-29) va shu davr adabiy hayotida muhim voqea bo’lgan «Qizil qalam» majmualarini nashr etadi (1-kitob, 1928; 2-kitob, 1929). O’sha kezlarda maorif xalq komissarligi huzuridagi ilmiy kengashga rais etib tayinlanadi. Otajon Hoshim tashabbusi bilan 1927 yanvarda Samarqandda Oliy pedagogika instituti (hozirgi Samarqand davlat universiteti) tashkil etiladi. O’zbekistonda «burjua millatchilari»ga qarshi kurash kampaniyasi boshlanganda, respublika rahbariyati Otajon Hoshimni Leningraddagi SSSR Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining aspiranturasiga o’qishga yuboradi (1929). Aspiranturani tugatganidan so’ng institutning ilmiy kotibi qilib olib qolinadi. 1933 yil dekabrida Otajon Hoshim Toshkentga chaqirib olinib, til va adabiyot ilmiy tadiqot institutiga direktor etib tayinlanadi. Shuningdek, u Yozuvchilar uyushmasi tanqid va adabiyotshunoslik sho’basi raisi (1934 yildan), yangi tashkil etilgan Fanlar komiteti raisi o’rinbosari (1937 yildan) sifatida ham qizg’in ilmiy-tashkiliy faoliyat bilan shug’ullanadi. Shu vaqtda olimning tashabbusi bilan xalq og’zaki ijodi namunalari («O’zbek folkloridan namunalar», 2 jildli; «O’zbek xalq ertaklari», «Alpomish», «Malikai ayyor» va boshqalar), o’zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga bag’ishlangan ilmiy asarlar, bir qancha terminologik lug’atlar nashr etiladi. Otajon Hoshimning adabiyotshunos va jamoat arbobi sifatida faoliyati ayni qizigan bir vaqtda — 1937 yil 2 avgustda u «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinadi va ko’p o’tmay Toshkentda otib tashlanadi. Naim Karimov.