O’TKAZUVCHI YO’LLAR
O’TKAZUVCHI YO’LLAR, bosh va orqa miyaning o’tkazuvchi yo’llari — markaziy nerv sistemasidagi nerv tolalari; tuzilishi va funktsiyasiga ko’ra yago na morfologikfunktsional sistemaga birlashgan. O’tkazuvchi yo’llar tashqi va ichki muhit ta’sirotlarini miya hujayralariga (sezuvchi yo’llar), unda paydo bo’lgan javob reaktsiyasini ishchi a’zolarga yetkazadi (harakatlantiruvchi yo’llar). O’tkazuvchi yo’llarning ko’p qismi (uzun yo’llar) orqa miya orqali bosh miya po’stlog’iga va, aksincha, po’stloqdan orqa miyaga, undan a’zolarga davom etadi. Kalta yo’llar esa bosh miya sohasida chegaralanadi. Funktsiyasiga qarab neyronlar uchta asosiy guruhga bo’linadi: a) qabul qiluvchilar sezuvchi (afferent); b) bajaruvchi (Effe- rent); v) tutashtiruvchi oraliq neyronlar o’rtasida amalga oshiriladi. Ularning hujayralari orqa va bosh miyaning po’stlog’idagi kulrang moddasida, nerv tolalari esa ularning oq moddasida joylashgan. 1. Miya po’stlog’i bilan orqa miya o’rtasidagi (piramidal) yo’l — harakatlantiruvchi yo’l bo’lib, ta’sirotlar efferent tolalar bosh miya markaz oldi pushtasidan orqa miya kulrang moddasiga va u yerdan nerv tolalari orqali ishchi a’zolarga boradi. Bu o’tkazuvchi (erkin harakatni) yo’l ikki neyrondan iborat. 2. Bosh miya po’stlog’i bilan miya poyasidagi yadrolar o’rtasidagi yo’l ham ikki neyronli, birinchi neyron miya po’stlog’idan boshlanadi, ichki kapsuladan o’tib, bosh miya nervlari (III, IV, V, VI, VII va IX—XII juft) yadrolarida tugaydi. Ikkinchi neyronlar esa ana shu nerv yadrolaridan III, IV, V, VI, VII va IX—XII juft bosh miya nervlari bo’lib chiqadi. 3. Qizil yadro bilan orqa miya o’rtasidagi yo’l — bu yo’l o’rta miyadagi qizil o’zaqdan boshlanib orqa miyani oldingi shoxiga va muskullarga boradigan ikki neyronli harakatlantiruvchi yo’ddir. Bu yo’l tana muskullarining avtomatik ishlashini boshqaradi. 4. Orqa miya tuguni bilan bosh miya po’stlog’i o’rtasidagi og’riq va haroratni o’tkazuvchi yo’l uch neyrondan iborat. Bu O’tkazuvchi yo’llarning neyronlari, orqa miya tuguni, orqa miyaning kulrang moddasi, ko’ruv bo’rtig’i va bosh miyaning markaz orqa pushtasida joylashgan. 5. Orqa miya tuguni bilan bosh miya po’stlog’i orasidagi chuqur sezgilarni o’tkazuvchi yo’l muskul va bo’g’imlardan boshlanuvchi nerv oxirlari orqali sezgilarni qabul qiluvchi uch neyronli yo’ldir, neyronlari orqa miya tuguni, uzunchoq miya, ko’ruv bo’rtig’i va bosh miyaning markaz orqa pushtasida joylashgan. 6. Orqa miya bilan miyacha orasidagi oldingi va orqa yo’llar suyak, bo’g’im va muskullardan iborat bo’lib, orqa miya bilan miyacha o’rtasidagi oldingi hamda orqa yo’llar orqali muvozanatga bog’liq sezgilarni o’tkazadi. Miyachadagi harakatni tartibga solib turuvchi murakkab refleks yo’llar muskullar ishini bir me’yorda tutishni, muvozanatni, muskullar tonusini nazorat qilib turadi. Orqa miya bilan ko’ruv do’mbog’i o’rtasidagi yo’l tananing muallaq holatini ta’minlaydi. Keyingisi eshituv va ko’ruv yo’llari.