O’TOQ

O’TOQ — ekinlar va ko’chatlar orasidagi begona o’tlarni yo’qotish. Mexanik, kimyoviy vositalar va qo’l bilan amalga oshiriladi. Mexanik O’toqda chopiq qilinadigan ekinlar, bog’, tok va boshqalarning qator oralaridagi begona o’tlar kultivator yoki borona bilan, kimyoviy usulda gerbitsidlar bilan yo’qotiladi. Yoppasiga ekilgan (bug’doy, zig’ir va boshqalar), shuningdek, kichik maydondagi ekinlar ko’proq qo’lda o’taladi. O’toq begona o’tlarning rivojlanish fazasi boshlarida o’tkaziladi. O’toq kechikib o’tkazilgan hollarda o’t bosish hisobiga hosildorlik pasayib ketadi. O’toq paytida begona tur va nav o’simliklari ham yulib tashlanadi. Hosil mashinalarda yig’ib-terib olinishidan oldin paxta dalalarini defoliatsiya oldidan begona o’tlardan tozalash uchun O’toq qo’lda o’tkaziladi.