O’TROQ
O’TROQ, Atrak (12-asr) — Dashti Qipchoqdagi qipchoq xonlaridan biri. Sharukanning o’g’li. 1103, 1107, 1111 yillarda Kiyev knyazi Vladimir II monomax, qipchoqlar ustidan g’alaba qozongach, Donning o’rta oqimi qirg’oqlaridan Janubga qarab ketgan. Uning qo’shinlari belaya Veja yaqinida bijanaqlar va torklarning Birlashgan kuchlarini tor-mor keltirgan (1117 yil). 1118 yil bir necha qipchoq o’rdalari O’troq boshchiligida Kavkazoldi dashtlariga kelib joylashganlar. Ayni shu yili Gruziya shohi Dovud «Quruvchi» O’troq huzuriga o’z elchilarini yuborgan va unga o’z qabiladoshlari va tobe odamlari bilan Gruziyaga ko’chib kelishni taklif etgan. O’troq bilan daryoli orqali Gruziyaga 40 ming qipchoq, jumladan, 5 ming sara askar kelgan. Shu bilan birga Kavkazoldida O’troqqa tegishli 35 ming jangchi qolgan. Dovud O’troq odamlarini mamlakatning Janub va Sharqiy chegaralari, Saljuqiylar bosqini natijasida aholisi deyarli qirilib ketgan Kartliga joylashtirgan. Dovud O’troq qo’shinidan ichki va tashqi dushmanlari — gruzin mulkdorlari va saljuqiylarga qarshi kurashda foydalangan. O’troq saroyda katta mavqega ega bo’lgan. Bu nafaqat uning kuchli qo’shini tufayli balki shoh bilan qarindoshlik munosabatlari o’rnatganligida, qizi Gurando’xtni shohga xotinlikka berganligida edi. Vladimir Monomaxning vafot etgani haqida O’troqqa akasi Sirchanxon xabar berib, uni dashtga qaytishga chaqirgan. 12-asrning 20-yillari oxirida O’troq bir qism qo’shin bilan don daryosi sohillariga qaytgan. Uning o’g’li Konchak 12-asrning 2-yarmida qudratli qipchoq xonlaridan bo’lgan. Javli Tursunov.