«O’ZAGROSUG’URTA» KOMPANIYASI

«O’ZAGROSUG’URTA» KOMPANIYASI — agrosanoat sohasidagi yirik davlataktsiyadorlik sug’urta kompaniyasi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 25 Fevraldagi farmoniga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat sug’urta bosh boshqarmasi («O’zdavsug’urta») negizida tashkil etilgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida joylashgan. Kompaniyaning asosiy muassislari: O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (76,6%), «O’zpaxtasanoat» aktsiyadorlik uyushmasi (13,2%), «O’zdonmahsulot» korporasiyasi (4,71%), «Paxshabank» (2,75%), «G’allabank» (0,47%) va boshqalar (3,27%). Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda 13 direktsiyasi va 176 bo’linmasi, shu jumladan, 159 tuman va 17 ta shahar bo’linmalari bor. Kompaniyaning asosiy faoliyat yo’nalishlari: dehqonchilik sohasidagi tovar ishlab chiqaruvchilarning mulki va mahsulotini sug’urta yo’li bilan himoya qilinishini ta’minlash; tijorat banklari tomonidan qishloq xo’jalik korxonalariga ishlab chiqarishni rivojlantirish, dehqonchilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga ajratiladigan kreditlar uchun sug’urta kafolatlarini taqdim etish; dehqonchilik mahsulotlarini etishtirish uchun bo’nak va kredit tariqasida beriladigan mablag’lar qaytarilishini sug’urtalash; yuridik va jismoniy shaxslarga turli sug’urta xizmatlarini ko’rsatish; qishloq va shahar aholisining shaxsiy va mulkiy sug’urtasi va boshqalardan iborat. Kompaniya qishloq xo’jalik ekinlari hosili sug’urtasi; molmulkdan ko’rilgan zarardan sug’urtalash; parranda va hayvonlarning tabiiy ofatlar, turli kasalliklar va boshqalar natijasida nobud bo’lishidan sug’urtalash; garovga qo’yilgan mulk sug’urtasi; transport vositalarini kompleks sug’urtalash; yo’ldagi mulk (yuklar) ni sug’urtalash; qurilishmontaj ishlaridagi tavakkalchiliklarni sug’urtalash; baxtsiz hodisalardan va kasalliklardan ehtiyot shart sug’urtalash; lizing asosida olingan qishloq xo’jalik texnikalarini sug’urtalash; avtofuqarolik javobgarligini sug’urtalash va shahrik. 20 ga yaqin sug’urta xizmati turlarini amalga oshiradi. Kompaniyaning sug’urta majburiyatlari portfelida qishloq xo’jalik ekinlari hosili sug’urtasi, mol-mulk sug’urtasi, garovga qo’yilgan mulk sug’urtasi, baxtsiz hodisalar sug’urtasi, kasb mas’uliyati sug’urtasi turlarining salmog’i yuqori. Kompaniya 1997-2004 yillar davomida 64,6 million sug’urta shartnomalari tuzdi va shu shartnomalar bo’yicha 3840,2 milliard so’mlik javobgarlik olib bordi, olingan javobgarlik bo’yicha sug’urtalanuvchilarga 2227,5 million so’m sug’urta tovoni to’ladi. Kompaniyaning ustav kapitali (million so’m) — 2230, shartnomalar bo’yicha majburiyatlari — 994183,3, sug’urta mukofotlari — 7449, to’langan sug’urta tovonlari — 1552,4, sug’urta zaxiralari — 3900,25 (2004).