Ozarbayjonlar

Ozarbayjonlar (o’zlarini — ozarbayjonlilar, ozarilar deb atashadi) — xalq, Ozarbayjonning asosiy aholisi (5,8 million kishi, 1990-yillar o’rtalari). Shuningdek, Eron (10,430 million kishi). Rossiya Federatsiyasi (336 ming kishi), Gruziya (307 ming kishi), Qozog’iston (90 ming kishi), Armaniston va boshqa mamlakatlarda ham yashaydi. Umumiy soni 17,2 million kishi (1990- yillar o’rtalari). Ozarbayjon tilida so’zlashadi. Dindorlari — asosan, shia musulmonlar. Ozarbayjonlar katta yevropeoid irqining Janubiy irqiga mansub. Ozarbayjonlar etnogenezida qadimgi Mana (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmi), Kavkaz Albaniyasi (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi — milodiy 10-asr), Midiya, Atropatena (miloddan avvalgi 4-asr — milodiy 7-asr) davlatlari aholisi qatnashgan. 7-asrda arablar istilosidan so’ng Aderbeygon yoki Ozarbayjon nomini olgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik — milodiy 1-ming yillik mobaynida kelgindi eroniy va turkiyzabon qabilalar (skiflar, gunnlar, bulg’orlar, bijanaklar va boshqalar) mahalliy aholi bilan aralashib ketganlar. Ozarbayjon etnik birligining shakllanishi, asosan, 11-13-asrlarda Ozarbayjonga yangi turkiy (o’g’uz) qabilalarining kirib kelishi natijasida yakunlangan. Ozarbayjonlarning bir qismi sanoatda (ayniqsa, neft, gaz, asbobsozlik va boshqalar) va qishloq xo’jaligida band. Qishloq aholisining an’anaviy mashg’uloti — dehqonchilik, paxtachilik, bog’dorchilik, uzumchilik, ipakchilik.