Ozokerit

Ozokerit (Yunoncha ozo — hid tarataman va heros — mum), tog’ mumi — bitumlar guruhiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi qattiq holatdagi to’yingan uglevodorodlardan iborat. Rangi och yashil, sariq, qo’ng’irdan qoragacha. Yumshoq, qattiq, ba’zan mo’rt bo’ladi. O.dan kerosin hidi keladi. Zichligi 0,85-0,97 g/sm3; 52-85° da eriydi. Tarkibida 83-85% uglerod, 13,5—15% vodorod va 2% kislorod, azot, oltingugurt bor. Yuqori parafinli neft va og’ir gaz-kondensatlarining taqsimlanishidan hosil bo’ladi. Ozokerit qatlamlarda neft borligidan darak beradi. Qum va ohaktoshlarda 4-16% o. mavjud. Termoizolyatsiya, bo’yoqchilik, tibbiyot (ozokerit bilan davolash) va attorlik sanoatida qo’llanadi. Asosan, Ozokerit qayta ishlanib, undan tserezin olinadi. O’zbekistonda (Farg’ona), Ukraina (Lvov viloyati), Turkmanistonda (Cheleken) katta konlari bor.