O’ZBEKISTON AKUSHERLIK VA GINEKOLOGIYA ILMIY TADQIQOT INSTITUTI
O’ZBEKISTON AKUSHERLIK VA GINEKOLOGIYA ILMIY TADQIQOT INSTITUTI — O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli ilmiy tekshirish muassasasi; akusherlik va ginekologiya masalalari bo’yicha respublikada Yirik ilmiy, tashkiliy-metodik va konsultativ markaz. 1974 yil Toshkentda 2 tug’ruqxona qoshida tashkil etilgan, 1981 yildan hozirgi binosida. Institutda 10 ilmiy bo’lim (akusherlik, ginekologiya va hokazo), 200 o’rinli klinika, klinik ordinatura, doktorantura, ilmiy kutubxona, kunduzgi stasionar va boshqalar bor. 2000 yildan kuniga 200 mijozga mo’ljallangan «oila va nikoh» ilmiy maslahatxonasi (5 bo’lim, laboratoriya, tibbiy- genetika, oilani rejalashtirish markazlari, inseminasiya va fizioterapiyadan iborat) faoliyat ko’rsatadi. Jizzax, Na-mangan, Nukus va Qarshida institutning filiallari mavjud. 2003 yil institut qoshida sun’iy urug’lantirish (ekstrakorporal urug’lantirish) bilan shug’ullanadigan «Yangi inson» nomli reproduktiv markaz ochildi. Institutda 10 fan doktori, 47 fan nomzodi va 100 dan ziyod malakali ilmiy xodimlar xizmat qiladi (2005). institut xodimlari ayollar, onalar va chaqaloqlarga tibbiy yordam ko’rsatishning yangi tashkiliy tadbirlarini ishlab chiqadi, homiladorlikda kamqonlikning paydo bo’lishi va rivojlanishi sabablarini aniqlash va davolash; akusherlikda qon ketishining oldini olish, tug’ruqda ko’p qon yo’qotgan hamda patologik tug’ruq va murakkab ginekologik opetrasiyalardan keyin ayol sog’lig’ini qayta tiklash (Reabilitatsiya), davolash masalalari bo’yicha tadqiqotlar va ilmiy kuzatuvlar olib boradi; akusherlik patologiyasining turli ko’rinishlarida ona va homila o’rtasidagi munosabatni, shuning’dek, ishlab chiqarish omillarining ayol reproduktiv salomatligiga ta’sirini aniklaydi va hokazolar. Institutda akusherlik va ginekologiya sohalari bo’yicha vrachlar malakasini oshiradi hamda Toshkent tibbiyot pediatriya institutining o’quv bazasi faoliyat ko’rsatadi.