O’ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASI
O’ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASI — ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohasidagi faoliyat turi bo’yicha umumiy manfaatlar bilan Birlashgan xodimlar, qisman ish bilan band bo’lganlar yoki vaqtincha ish- sizlar, talabalar va o’quvchi yoshlar, pensionerlar, aholi boshqa qatlamlarini birlashtirgan kasaba uyushmalarini o’z ichiga oladi va o’zini o’zi boshqaradigan ko’ngilli nodavlat, notijorat jamoat tashkiloti hisoblanadi. 1990 yil 12 sentyabrda tashkil topgan. Kasaba uyushmalarining bosh vazifasi kasaba uyushmalari a’zolarining mehnat, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, intellektual huquq va manfaatlarini muhofaza qilishda harakat birligini amalga oshirishdan iborat. O’zbekiston kasaba uyushmalari kengashi (Uzsovprof) 1925 yildan faoliyat ko’rsata boshlagan. Sobiq ittifoq davrida uning tasarrufida tarmoq respublika qo’mitalari mavjud edi. Lekin ularning birontasi o’z ustaviga ega emasdi. Faqat SSSR kasaba uyushmalari (VTSSPS) ustaviga binoan faoliyat ko’rsatardi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so’ng respublikada tarmoq kasaba uyushmalari tuzilib, ular o’z ustavlarini qabul qildi va Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tkazdi hamda O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga uyushdi. Bular quyidagilardan iborat: Aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi; Avtomobil, daryo, elektr transporti va yo’l xo’jaligi xodimlari kasaba uyushmasi; Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi; Aloqa xodimlari kasaba uyushmasi; Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi; Yengil, mebel sanoati va kommunal- maishiy xizmat xodimlari kasaba uyushmasi; Yoqilg’i-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi; Madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi; Metallurgiya va mashinasozlik sanoati xodimlari kasaba uyushmasi; Matlubot kooperatsiyasi, savdo xodimlari va tadbirkorlar kasaba uyushmasi; Sog’liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi; Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi; Qurilish va qurilish ashyolari sanoati xodimlari kasaba uyushmasi; Temiryo’lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi. O’zbekiston kasaba uyushmalari tizimini boshlang’ich kasaba uyushma tashkilotlari, kasaba uyushmalarining tuman, shahar, viloyat, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri kengashlari va boshqalar tashkil etadi. Federasiya kengashi O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining qurultoylar oralig’idagi rahbar organidir. U 5 yil muddatga saylanadi va har bir a’zo tashkilotdan to’g’ridan to’g’ri mikdorda (2 tadan) vakil yuborish yo’li bilan shakllantiriladi. Federatsiya Kengashiga vakillar federatsiya a’zolari bo’lgan tashkilotlarning qurultoylari, konferentsiyalari va majlislarida saylanadi. Federatsiya kengashi tarkibiga qurultoyda saylangan a’zolar, federasiya raisi, uning kengash bo’yicha o’rinbosarlari, federatsiya faoliyatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha doimiy faoliyat ko’rsatuvchi komissiyalar raislari ki]eadi. Federatsiya raisi ayni vaqtda O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Rayosat va Ijroiya qo’mita raisi ham hisoblanadi. Federatsiya Kengashining Majlisi zaruratga qarab, lekin har yili kamida 1 marta chaqiriladi. Federatsiya kengashi uyushmalararo va mintaqalararo vazifalarni hal etishda a’zo tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi; kasaba uyushmalariga qonunchilikda berib qo’yilgan huquqlarni ro’yobga chiqaradi, barcha darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida yagona moliyaviy faoliyatni va intizomni belgilaydi hamda o’rnatadi, Federatsiyaning xalqaro faoliyatini olib boradi va hokazolar. Federatsiya kengashi devonida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, madaniy- ma’rifiy va sport ishlari, yuridik, xalqaro ishlar, tashkiliy ishlar, ijtimoiy sug’urta, moliya bo’limlari, kotibiyat hamda ishlar boshqarmasi bor. Kasaba uyushmalari tizimida 28355 ta boshlang’ich tashkilot bo’lib, ular 6336611 nafar kasaba uyushma a’zosini birlashtiradi (2005 yil mart). Boshlang’ich kasaba uyushma tashkilotlarida umumiy yig’ilish (konferentsiya), tarmoq kasaba uyushmalarining tuman, shahar, viloyat tashkilotlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar uyushmalararo birlashmalarida konferentsiya, tarmoq kasaba uyushmalari va O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasida qurultoy oliy organ hisoblanadi. Umumiy yig’ilish, konferentsiya va qurultoy 5 yilda kamida 1 marta chaqiriladi. O’zbekiston kasaba uyushmalarining asosiy e’tibori mehnatkashlar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, ularning faolligini oshirish, kasaba uyushmalari harakatida demokratik o’zgarishlarni chuqurlashtirishga qaratilgan. Jamoa-shartnomaviy munosabatlarni rivojlantirish borasidagi faoliyat natijasida jamoa shartnomalari tuzilgan yuridik shaxslar soni ko’paydi. Jamoa shartnomalarining ijtimoiy funktsiyasi kuchaydi, ularning ish haqi va xodimlarning daromadiga ta’siri oshdi. Samarali bandlik, mehnatga haq to’lashning ijtimoiy adolatli tizimini joriy etish, mehnatni me’yorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ish joylarida sog’lom va bexatar mehnat sharoitlari yaratilishi borasida tashkiliy ishlar amalga oshirildi, ko’p hollarda xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishildi. Kasaba uyushmalarining ayollar va yoshlarni, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironlar, pensionerlar, baynalmilalchi jangchilarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor kuchaydi. Qonun yaratuvchilik sohasida Oliy Majlis qo’mitalari va komissiyalari bilan hamkorlikda kasaba uyushmalarining faol ishtiroki ta’minlandi. Ijtimoiy sug’urta mablag’larini boshqarish mexanizmi takomillashtirilishi, yangi sog’lomlashtirish muassasalari qurilishi va mavjudlarini rekonstruktsiya qilish natijasida xodimlar va ular oila a’zolarini sog’lomlashtirishda ijobiy o’zgarishlarga erishildi. Uzbekiston kasaba uyushmalari chet el milliy kasaba uyushmalari markazlari, jahon ishchilar harakatining yetakchisi xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederasiyasi hamkorligida Frantsiya Mehnat demokratik federatsiyasi, Amerika mehnat federatsiyasi, Belgiya erkin kasaba uyushmalari umumiy birlashmasi, Avstriya kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari o’rnatgan. Shuningdek, Xitoy, Yaponiya, Hindiston mamlakatlari kasaba uyushmalari bilan aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Kasaba uyushmalarining harakat dasturida xalqaro mehnat tashkiloti bilan xalqaro hamkorlik muhim o’rin tutadi. O’zbekiston Respublikasi tomonidan bu tashkilotning 11 ta konventsiyasi ratifikasiya qilingan. O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi «Ishonch» (o’zbek tilida haftasiga 4 marta chiqadi) va «ishonch- Doverie» (rus tilida, haftasiga 1 marta chiqadi) gazetalari nashr etadi.