O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETINING ILMIY KUTUBXONASI

O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETINING ILMIY KUTUBXONASI, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston milliy universitetining ilmiy kutubxonasi — O’zbekiston Respublikasidagi qadimiy va yirik kutubxonalardan biri. Tarkibi va miqdori jihatdan O’rta Osiyo va Qozog’iston davlatlari oliy o’quv yurtlari qutubxonalari ichida eng yirigi. 1918 yil Toshkent shahrida Turkiston xalq universitetinit asosiy kutubxonasi sifatida tashkil etilgan; 1968 yildan Toshkent davlat universiteti kutubxonasi deb ataladi; 1969 yilda «Ilmiy kutubxona» maqomi berildi; 1976 yildan O’zbekiston Respublikasidagi oliy o’quv yurtlari kutubxonalarining ilmiy-metodik markazi. 1995 yildan hozirgi nomda. Kutubxona fondida 3 milliondan ortiq turli fan sohalariga doir adabiyotlar mavjud (2005); har yili bir necha 10 ming dona kitob oladi. Kutubxonaning darsliklar va o’quv qo’llanmalari, ilmiy va ma’lumotnoma adabiyotlar fondi, xorijiy tildagi adabiyotlar va davriy nashrlar fondi muhim ahamiyatga ega. 1926 yildan O’rta Osiyoda, 1938 yildan ittifoqda chop etilgan kitob va jurnallarning majburiy nusxasini ola boshlagan. Kutubxona fondida nodir qo’lyozmalar, litografiyada bosilgan asarlar, fan sohalariga oid Sharq va G’arb tillarida noyob yodgorliklar, olimlarning shaxsiy kitoblari bor. Ilmiy kutubxonada kitob fondini to’ldirish, kitoblarga ilmiy ishlov berish va kataloglashtirish, kitob fondini saqlash, ilmiy bibliografiya, g’oyaviy-tarbiyaviy ishlar, ilmiy metodik ishlar, kitobxonlarga xizmat qo’rsatish, kutubxonachilik-bibliografik va axborot jarayonlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish bo’limlari faoliyat ko’rsatadi, kompyuter xonasi bor. Bundan tashqari ilmiy kutubxonaning universitet asosiy binosi va fakultetlarida joylashgan shoxobchalari mavjud. Ilmiy kutubxona ilmiy kitoblar, fakultetlardagi 14 sohadagi o’quv kutubxonalari bo’limlari, 16 o’quv zallari (700 o’rinli) orqali kitobxonlarga xizmat ko’rsatadi (2005). Maxsus zallarda yangi adabiyotlar bilan tanishtirish uchun «Axborot haftaliklari», «Kafedralar kuni», «Mutaxassislar kuni», «Diplomantlar kuni» kabi ko’rgazmalar uyushtiradi. Ilmiy kutubxona O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlari bo’yicha Kutubxonalararo abonementning muvofiqlashtiruvchi markazi, oliy va maxsus o’quv yurtlari kutubxonalarining metodik markazi sifatida respublikadagi 65 ta oliy o’quv yurtlari kutubxonalariga ma’lumotnomalar, maslahatlar, metodik yordam ishlarini amalga oshiradi. Xorijiy mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya va boshqalar) bilan hamkorlik qiladi.