O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI — prokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimi. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori rahbarlik qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Prokuratura organlari to’g’risida» 1992 yil 8 yanvar farmoni asosida ittifoq qaramog’idagi O’zbekiston SSR prokuraturasi O’zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga aylantirilishi tartibida tashkil etilgan. O’zbekiston prokuratura organlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi, shuningdek, vakolatlari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida (118-120-moddalar), «Prokuratura to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1992 yil 9 dekabr) da belgilab berilgan. «Prokuratura to’g’risida»gi qonunning yangi tahriri (2001 yil 29 avgust) asosida O’zbekiston Respublikasi prokuraturasi O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga aylantirilgan. O’zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining tizimini O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalari, tumanlar va shaharlar prokuraturalari, viloyat prokuraturalariga tenglashtirilgan O’zbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi, O’zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, tuman prokuraturalariga tenglashtirilgan harbiy okruglar, hududiy harbiy, transport va ixtisoslashtirilgan prokuraturalar tashkil etadi. Bosh prokuratura huzurida soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo’linmalari faoliyat ko’rsatadi. O’zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlarining asosiy vazifalari qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini, O’zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishdan iborat. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida hisobdordir. Bosh prokuror, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko’ra, Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Bosh prokuraturada O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori (rais), uning 1-o’rinbosari, o’rinbosarlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi prokurori, prokuratura organlarining boshqa xodimlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi. Hay’atning tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o’rinbosarlarini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig’iga kiritadi. Quyi prokurorlarni lavozimiga O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tayinlaydi va bo’shatadi. Qoraqalpog’iston Respublikasi Prokurori O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimdan ozod etiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 9 dekabr qarori bilan tasdiqlangan Nizomga qo’ra, prokuratura xodimlariga maxsus unvonlar ta’sis etilgan. Haqiqiy hamda 1, 2 va 3 darajali Davlat Adliya maslahatchisi unvonlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Turli darajadagi Adliya maslahatchisi va yurist unvonlarini xodimning ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini hisobga olib, egallab turgan lavozimiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori beradi. O’zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining «Qonun himoyasida» jurnali (1996 yil apreldan) va «Huquq» gazetasi (1997 yil 27 avgustdan) nashr etiladi.