O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI (O’zbekiston FA) — mamlakatning oliy ilmiy tashkiloti. Akademiklar va uning xorijiy a’zolarini hamda o’z tasarrufidagi ilmiy muassasalar ilmiy xodimlari va mutaxassislarini birlashtiradi. Asosiy vazifasi fan va texnika sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash, davlat va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi istiqbolli yo’nalishlar bo’yicha fundamental ilmiy tekshirish va ilg’or texnologiyalarni rivojlantirish strategiyasini belgilash, tabiiy, texnikaviy, tibbiy, ijtimoiy- gumanitar fanlar sohasida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ma’naviy-ma’rifiy rivojiga ko’maklashuvchi fundamental tadqiqotlar olib borishdan iborat. Fanlar akademiyasi fan, texnika, madaniyat va ma’rifat sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradi, ilmiy ishlanmalarni muvofiqlashtiradi va ularga samarali rahbarlikni ta’minlaydi, davlatning intellektual, iqtisodiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan fan va keng qamrovli ilmiy texnologiya yutuqlarini o’z vaqtida ishlab chiqarishga joriy etadi. O’zbekiston Fanlar akademiyasi har yili o’z faoliyati to’grisida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqtsim etadi. O’zbekiston Fanlar akademiyasi 1943 yil 4 noyabrda O’zbekiston Fanlar akademiyasi negizida tashkil etilgan. T.N. Qori Niyoziy uning birinchi prezidenti qilib saylangan. Akademiya tashkil topgan yili uning tarkibida 11 haqiqiy a’zosi, 18 muxbir a’zosi hamda 3 faxriy a’zosi bo’lib, 10 ilmiy tekshirish institutini birlashtirgan. 210 ilmiy xodim, jumladan, 28 fan doktori va 80 ga yaqin fan nomzodi ishlagan. Akademiya tashkil topgan davrdan beri uning ilmiy tekshirish muassasalari xodimlarining soni, ilmiy tekshirish ishlarining ko’lami va salmog’i jihatidan katta tarixiy rivojlanish yo’lini bosib o’tdi. Akademiya olimlari tabiat, jamiyat va insoniyat taraqqiyoti, Millatlar, milliy madaniyatlar, davlat va milliy munosabatlarning rivojlanish muammolari, ta’lim va ma’rifat masalalari, liberallashtirish sharoitida milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va raqobatbardoshliligini oshirishning metodologik asoslari, mulkiy munosabatlardagi o’zgarishlar, mehnatni rag’batlantirish va aholini ijtimoiy himoyalash muammolari, moliya-kredit, soliq va sug’urta mexanizmini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati va kuchli demokratik davlatni shakllantirish masalalari bo’yicha tadqiqotlar olib boradilar. Akademiya olimlarining O’zbekiston o’troq sug’orma dehqonchilik madaniyatiga asoslanganligi va eng qadimiy tsivilizasiya o’choqlaridan biri ekanligi, O’zbekiston hududida davlatchilikning ilk ko’rinishlari miloddan avvalgi 2-ming yilliklarda boshlanganligi to’g’risidagi tadqiqotlari kata ahamiyatga ega. Akademiya olimlari Fundamental tadqiqotlar ustida ishlash bilan chegaralanibgina qolmay, mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan zamonaviy asbobuskunalar, tibbiy jihozlar, dori- darmon, foydali o’simliklarning yangi navlari, qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi vositalar, shuningdek, yer osti boyliklarini qazib olishning yangi texnologiyalarini yaratmoqdalar. Fanlar akademiyasi ning ko’pgina muassasalari xorijiy davlatlarning ilmiy muassasalari bilan birgalikda tadqiqotlar olib boradi. Jumladan, O’zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi, elektronika, Fizika- texnika, Mikrobiologiya, biokimyo, suv muammolari, umumiy va noorganik kimyo intlari bilan AQSh, Xitoy, Germaniya, Italiya, Frantsiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Turkiyadagi yirik ilmiy markazlar o’rtasida manfaatli hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Akademiyaning ilmiy tekshirish muassasalari o’zlarining ilmiy-tashkiliy faoliyatlarini tegishli fan yo’nalishlari (fizika-matematika va texnika fanlari; kimyo, biologiya va yer haqidagi fanlar; ijtimoiy-gumanitar fanlar) bo’yicha Vitseprezident xizmati bilan birgalikda olib boradi. Akademiyaning «Akademas- bob» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, «algoritm-injiniring» instituti, Arxeologiya instituti, biokimyo instituti, Bioorganik kimyo instituti, «Botanika» ilmiy ishlab chiqarish markazi, Genetika va o’simliklar eksperimental biologiyasi instituti, Geologiya va geofizika instituti, «zamonaviy informatsion texnologiya» ilmiy texnika markazi qoshidagi kibernetika instituti, Zoologiya instituti, immunologiya instituti, Iqtisodiyot instituti, kosmik asbobsozlik instituti, kosmik tadqiqotlar markazi va uning tarkibidagi Astronomiya instituti, Matematika instituti, Mikrobiologiya instituti, Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, Seysmologiya instituti, suv muammolari instituti, Tarix instituti, til va adabiyot instituti, umumiy va noorganik kimyo instituti, falsafa va huquq instituti, «Fizikaquyosh» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tarkibidagi Fizika-texnika instituti va materialshunoslik instituti, fiziologiya va biofizika instituti, Sharqshunoslik instituti, elektronika instituti, yadro fizikasi instituti, O’simlik moddalari kimyosi instituti, Qoraqalpog’iston bo’limi hamda Xorazm Ma’mun akademiyasi, Samarqand mintaqaviy bo’limi, Buxoro ilmiy markazi, ilmiy-o’quv markazi, asosiy kutubxonasi, issiqlik fizikasi bo’limi, Adabiyot muzeyi, O’zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Qatag’on qurbonlari xotirasi muzeyi, Botanika bog’i, avtomatlashtirish va hisoblash texnikasi bo’yicha ixtisoslashgan loyiha-konstruktorlik byurosi, «Radiopreparat», «Tezlatgich» korxonalari, Chirchiq shahridagi «kompozit» tajriba-eksperimental zavodi, RT70 radio- rasadxonasi, tajriba zavodi bor. O’zbekiston faning yuqori organi — Fanlar akademiyasi akademiklari va ilmiy tekshirish muassasalari direktorlaridan tashkil topgan umumiy majlis. Fanlar akademiyasi umumiy Majlisi ilm-fanni rivojlantirish va akademiya faoliyatining eng muhim masalalarini ko’rib chiqish uchun uning Hay’ati tomonidan har yili kamida 1 marta chaqiriladi. Umumiy majlisda ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor, istiqbolli va ilg’or yo’nalishlari va ularga taalluqli ilmiy dasturlar loyihalari muhokama etiladi hamda ular bo’yicha zarur qarorlar qabul qilinadi, akademiya faoliyatining asosiy tashkiliy masalalari hal qilinadi, uning haqiqiy va xorijiy a’zolari saylanadi. O’zbekiston Fanlar akademiyasining 122 a’zosi bor (2005). Akademiya muassasalarida 5259 ilmiy xodim, jumladan, 360 fan doktori va 860 fan nomzodi ishlaydi. Fanlar akademiyasida ilm-fan sohasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan olimlar uchun al-Xorazmiy (1992 yil ta’sis etilgan), Zahiriddin Muhammad Bobur (1993), H.M. Abdullayev (1993) nomida medallar ta’sis etilgan. Akademiklar H. Fozilov, Yo.To’raqulov, professor F. Abdullayev al-Xorazmiy nomidagi, akademik U. Karimov va tarixchi olim R.Sulaymonov Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi, akademiklar I.Hamroboyev, F.Usmonov va professor N. M. Kucherskiy H.M.Abdullayev nomidagi medalga sazovor bo’lishgan. O’zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotchilik ishini, asosan, «Fan» nashriyoti orqali amalga oshiradi. Fanlar akademiyasida «Geliotexnika», «Informatika va energetika muammolari O’zbekiston jurnali», «Mexanika muammolari O’zbekiston jurnali», «O’zbek tili va adabiyoti», «O’zbekiston biologiya jurnali», «O’zbekiston kimyo jurnali», «O’zbekiston matematika jurnali», «O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ma’ruzalari», «O’zbekiston tarixi», «O’zbekiston fizika jurnali», «O’zbekistonda ijtimoiy fanlar» ilmiy jurnallari, «Fan va turmush» ilmiy- ommabop jurnali nashr etiladi. O’zbekiston Fanlar akademiyasi prezidentlari: T.N.Qori Niyoziy — 1943-47 yillar; T.A. Sarimsoqov — 1947 52 yillar; T.Z.Zohidov — 1952-56 yillar; H.M. Abdullaev — 1956-62 yillar; U.O. Orifov — 1962-66 yillar; O.S. Sodiqov — 1966-84 yillar; P.Q.Habibullaev — 1984-88 yillar; M.S.Salohiddinov — 1988-94 yillar; J. L.Abdullaev (Fanlar akademiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi) — 1994-95 yillar; T.J.Jo’raev 1995-2000 yillar; B.S.Yo’ldoshev 2000 yildan.