O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI — O’zbekiston parlamenti, oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organi. Dastlab bir palatali parlament sifatida tashkil etilgan va fuqarolarning umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida shakllantirilgan. I chaqiriq Oliy Majlis ko’ppartiyaviylik asosida 1994-yildan beri 5 marotaba saylovlar bo’lib o’tdi. Bir palatali parlament 250 deputatdan iborat bo’lib, u ishlagan davrda 10 ta kodeks, ikkita milliy dastur, 240 ta qonun, 468 ta qaror qabul qilingan, qonun hujjatlariga 1573 ta qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritilgan. Bu yillarda parlament, o’z konstitutsiyaviy vakolatlariga asoslanib, demokratik jamiyatning huquqiy asoslarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish bo’yicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Qonunchilik, davlat boshqaruvi, o’tish davri muammolarini yechishda muayyan tajribaga ega bo’ldi. 2002-yil 27-yanvarda o’tkazilgan referendumda ikki palatali parlamentni tuzish masalasi O’zbekiston xalqi tomonidan qo’llab-quvvatlandi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatining huquqiy asosini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ―Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy prinsiplari to’g’risida (2002-yil 4-aprel), ―O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to’g’risida (2002-yil 12-dekabr), ―O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to’g’risida (2002-yil 12- dekabr)gi Konstitutsiyaviy qonunlar, ―O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to’g’risida (2003-yil 29-avgust), ―O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to’g’risida (2003-yil 29-avgust) kabi qonunlar tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari bo’yicha ko’p partiyalilik asosida saylanadigan 150 (shundan, 15 deputatlik o’rni O’zbekiston Ekologik harakati tomonidan shakllantiriladi.) deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy, teng va to’g’ridan to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan saylanadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi bo’lib, Senat a‘zolari (senatorlar)dan tarkib topadi. Senat a‘zolari Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – 6 kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo’shma majlislarida mazqur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Senatning 16 nafar a’zosi fan, san‘at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo’lgan hamda alohida xizmat ko’rsatgan eng obro’li fuqarolar orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Har ikkala palataning vakolat muddati – 5 yil. O’zbekiston parlamenti keng, ko’p qirrali vakolatlarga ega. U hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linish prinsipiga asoslanib, davlatning boshqa idoralari bilan hamkorlik qilib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Qonunchilik, davlat boshqaruvining muhim masalalarini ko’rib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat budjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini shakllantirishda qatnashadi.