«O’ZBEKISTONDA IJTIMOIY FANLAR»

«O’ZBEKISTONDA IJTIMOIY FANLAR» («Obshestvennoye nauki v Uzbekistane») — O’zbekiston faning ijtimoiy-gumanitar fanlar masalalarini yorituvchi ilmiy jurnali. Toshkentda yiliga 6 marta o’zbek va rus tillarida yaxlit holda nashr etiladi. Dastlab (1957-60) «O’zbekiston Fanlar akademiyasi axboroti. Ijtimoiy fanlar seriyasi» nomi bilan nashr etilgan, 1960 yil oktyabrdan hozirgi nomda. Jurnal nashrining tashabbuskori va birinchi bosh muharriri akademik I.M.Mo’minov bo’lgan. Jurnalda iqtisodiyot, falsafa, huquq, shuningdek, sharqshunoslik va tarix fanlari (etnografiya, arxeologiya, numizmatika, san’at tarixi va boshqalar) bo’yicha materiallar e’lon qilinadi. Asosiy e’tibor O’zbekiston Respublikasining mustaqillik sharoitida rivojlanishi, bozor munosabatlarini qaror toptirish, haqiqiy demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va xalqni mustaqillik mafkurasi, yuksak ma’naviyat va eng yaxshi milliy an’analarga sodiqlik ruhida tarbiyalash muammolariga qaratiladi. Jurnalda «Ilmiy axborot», «fan yangiliklari», «Tarix sahifalari», «Tarixnavislik», «Manbashunoslik», «Yangi kitoblar» ruknlari bor. Unga turli yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademiklari I.M.Mo’minov, M.K.Nurmuhamedov, E.Yu.Yusupov, I.I.Iskandarov va A.R.Muhammadjonovlar muharrirlik qilishgan. 2004 yildan bosh muharriri iqtisodiyot fanlari doktori A.Qodirov. Adadi 350 nusxa (2005).