«O’ZELEKTRAPPARAT» AKTSIYADORLIK JAMIYATI
«O’ZELEKTRAPPARAT» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — energetika mashinasozligining yirik korxonasi. «O’zeltexsanoat» uyushmasi tarkibida. Toshkent shahrida joylashgan. Past voltli butlovchi uskunalar va past voltli asbobapparatura (elektr stansiyalar energobloklari podstantsiyalari va boshqalar uchun shchit qurilmalari, katod himoyasi stansiyalari, boshqarish pultlari, relye qurilmalari va boshqalar) ishlab chiqaradi. 1941 yil 15 oktyabrda Toshkentga evakuatsiya qilingan Xarkov «elektr stanok» mashinasozlik zavodi uskunalari bazasida Toshkent «elektr stanok» zavodi nomi bilan tashkil etilgan va elektr jihozlari hamda front uchun minalar ishlab chiqargan. 1946 yilda bu zavod Moskvadan evakuatsiya qilingan «yuqori chastota toklari» zavodi bilan birlashtirilib Toshkent elektr texnika zavoddiga aylantirildi. Urushdan keyingi davrda turli elektr jihozlari ishlab chiqarish o’zlashtirildi. 1971— 91 yillarda O’rta Osiyo «Elektrapparat» ishlab chiqarish birlashmasining bosh korxonasi [birlashma tarkibiga Toshkent plastmassa buyumlari zavodi, «Toshelektromash» zavodi, Andijon «Elektrapparat», Marhamat (Andijon viloyati), Adrasmon (Tojikiston), Olmaota past voltli apparatlar zavoddlari, Butunittifoq relesozlik ilmiy tekshirish institutining Toshkent bo’limi kirgan]. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 2005 yildan korxona O’zbekiston —Rossiya —Britaniya qo’shma korxonasi — aktsiyadorlik jamiyati. Korxona mahsulotlari 1994-99 yillarda xalqaro ko’rgazmalar va tanlovlarda 14 marta (Madrid, 1994; Mexiko, 1995; Parij, 1995; Jeneva, 1996; Rim, 1999 va boshqalar) sifat sovrinlariga sazovor bo’lgan. Mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi. 2004 yilda 1,14 milliard so’mlik tovar mahsulot ishlab chiqarildi.