Ozon
Ozon (Yunoncha ozon — hid tarqatuvchi), O3 — kislorodning allotropik shakli. Ozon molekulasida 3 ta kislorod atomi bor. Ozonni ilk bor 1785 yilda Gollandiyalik fizik Van-Marum havo orqali elektr uchqunlari o’tkazilganda o’ziga xos hid paydo bo’lishi va oksidlovchi xossaga ega bo’lishligini topgan. Ozonning xossalari kislorodnikidan keskin farq qiladi. Ko’k tusli va odatdagi sharoitda portlovchi gaz. Qaynash temperaturasi — 111,8°, suyuqlanish temperaturasi — 192,4°. Kuchli oksidlovchi va beqaror modda. Kaliy yodidning neytral eritmasiga o. ta’sir etganida, kaliy yodid oksidlanib, yod hosil bo’ladi. Qora tusli qo’rg’oshin sulfid Ozon ta’sirida oksidlanib, oq tusli qo’rg’oshin sulfatiga aylanadi. Ozon ba’zi bir anorganik va organik moddalar bilan birikkanda, ozonidlar vujudga keladi. Ozon hosil qilish uchun maxsus asbob — ozonator ishlatiladi. Ozon havoda juda oz miqdorda (1 m3 da 1 m2) bo’ladi. Yer yuzasidan uzoqlashgan sayin Ozon miqdori ortib boradi va 20-25 kilometr balandlikda maksimumga yetadi. Oksidlovchi, dezinfektsiyalovchi va bakteriyalarni o’ldiruvchi xossalarga ega bo’lganligi uchun ichimlik suvini tozalashda, oziq-ovqat sanoatida, oksidlovchi sifatida yog’va qog’ozni oqartirishda ham ishlatiladi. Ozonning havodagi kontsentrasiyasi 5-10% dan oshmasligi kerak, chunki Ozon is gazi so ga nisbatan ham zaxarlidir. Mezosfera va stratosferadagi atomar kislorod (o) molekula holdagi kislorod (O2) bilan to’qnashib, Ozon hosil qiladi: o+O2=O3, molekulalar to’lqin uzunligi 200-300 nm bo’lgan fotonlarni yutadi. Bu juda muhim. Agar stratosferada Ozon qatlami bo’lmasa, yuqori energiyaga ega bo’lgan qisqa to’lqinli fotonlar Yer sathiga yetib qolar, undagi o’simlik va hayvonlar bunday yuqori energiyali nurga bardosh berolmagan bo’lar edi. «Ozon qalqoni» yerda hayotni saqlab qolishda muhim rol o’ynaydi. Lekin tovushdan tez uchadigan samolyotlarning ichki yonish dvigatellaridan chiqadigan yuqori harorat atmosferadagi kislorod bilan azotning reaktsiyaga kirishishiga, azot monoksidining hosil bo’lishiga va u Ozon bilan reaktsiyaga kirishib, «Ozon qalqoni»ga salbiy ta’sir etishiga olib keladi. Sovitkichlar, purkovchi gaz balonchalaridan chiqadigan xlorftometan ham xuddi shunday ta’sirga ega. «Ozon teshigi» iborasi shular tufayli kelib chiqqan.