Paleobotanika
Paleobotanika (Paleo… va botanika), paleofitologiya — botanikaning qazilma o’simliklarni o’rganuvchi sohasi. Paleobotanika qazilma o’simliklarning sistematikasi, tashqi (morfologik) va ichki (anatomik) tuzilishi, yer yuzida tarqalish qonuniyatlari, muhit bilan o’zaro munosabatlari, rivojlanish tarixi, o’zaro qarindoshligi, o’simlik qoplami almashinuvi qonuniyatlari kabi masalalarni o’rganadi. Paleobotanika ma’lumotlari sistematika, morfologiya, anatomiya, evolyutsiya, filogeniya, geografiya, geologiyada nazariy masalalarni hal qilishga yordam beradi. Odatda, tabiiy sharoitga moslashgan o’simliklar saqlanib qolgan, moslasha olmaganlari esa yo’q bo’lib ketgan. Demak, qazilma o’simliklar geologik davrlardagi tabiat o’zgarishlarini bildiruvchi meteorologik vosita hisoblanadi. Geologik va stratigrafik qazilma boyliklarni qidirishda Paleobotanika ma’lumotlaridan foydalaniladi, chunki yer po’stidagi yoqilg’ilarning hammasi (toshko’mir, antrosit va boshqalar), asosan, o’simlik qoldiqlaridan hosil bo’lgan. Tekshirish ob’yektlariga ko’ra, Paleobotanika quyidagi mustaqil tarmoklarga bo’linadi: paleopalinologiya — qazilma o’simliklarning chang va sporalarini (kimyoviy usulda maxsus ishlangandan so’ng) mikroskop yordamida o’rganadi; paleokarpologiya — o’simliklarning qazilma urug’i, mevasi, danagi va meva po’choqlarini o’rganadi; paleoksilologiya — o’simlik yog’ochlarining ko’mir va toshga aylangan qoldiqlarini maxsus (shlift) tayyorlab, mikroskopda tekshiradi, ixnofitologiya — o’simlik bargi, shoxi, guli va ko’payish organining tog’ jinslarida qolgan izini yoki epidermiya qoldiklarini o’rganadi. Paleobotanikadan paleomikologiya va paleoalgologiya yoki paleofikologiya mustaqil fan sifatida ajralib chiqadi. Plankton qazilma suvo’tlarni o’rganish, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Chunki organik dunyoning boshlang’ich rivojlanish bosqichlarini tushunishda qadimgi bakteriya, suvo’tlarni o’rganish juda muhim. O’simliklarning qazilma qoldiqlari qadimdan olimlar diqqatini jalb qilgan. Masalan, miloddan avvalgi 6-5-asrlarda ksenofan peros oroli tog’ yotqiziqlaridan «lavr yaproqlari»ni topganligi haqida yozgan. Ammo o’simliklarning qazilma qoldiqlari va izlari ancha vaqtgacha tabiat ajoyiboti deb tushunilgan. Ammo ular bir vaqtda o’sgan o’simliklarning qoldiqlari ekanligini dastavval Leonardo da Vinchi (15-asr oxiri) ko’rsatgan. Paleobotanikani alohida fan sifatida o’rganishni frantsuz olimi A. Bronyar boshlab bergan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida yangi kumir konlarining ochilishi tufayli ko’mir qatlamlaridagi o’simlik qoldiqlarini o’rganish imkoni tug’ildi. O’rta Osiyoda Paleobotanika bir qancha kumir konlari topilishi munosabati bilan rivojlandi. Bu yerda, ayniqsa, yura va uchlamchi hamda to’rtlamchi davr qazilma o’simliklari yaxshi o’rganildi. O’zbekiston hududida quruqlikda o’sgan o’simliklar — psilofitlar 360 million yil avval — devon davrida tarqalganligi aniqlangan. Karbon davrida o’simliklar olami birmuncha murakkablashgan; bu davrda hozirgi qirqbo’g’imlar, qirqquloqlar va ignabarglilarning qad. ajdodlari yashagan. Bu davrga oid 40 dan ortiq o’simlik qoldiklari Bo’kantog’, Zirabuloq, Hisor, Kurama, Oloy, Nurota, Turkiston va boshqa tog’lardan topilgan. Perm va trias davridan 80 ga yaqin, yura davridan esa 100 dan ortiq o’simlik turkumi aniqlangan. O’rta Osiyo ko’mir konlarining hosil bo’lishida bu o’simliklar muhim rol o’ynagan. O’rta Osiyoda bo’r davriga kelib dengizning qisqarib, quruqlikning ortishi bilan o’simliklar olamida katta o’zgarishlar ro’y bergan. Ochiq urug’li o’simliklardan yangi sharoitga moslasha olmaganlari yo’q bo’lib ketib, — yopiq urug’li o’simliklar rivojlangan. O’zbekiston hududida bo’r davrida paydo bo’lgan o’simliklardan tol, terak, chinor, tut, xurmo, qayrag’och, anjir, chilonjiyda va boshqalar hozirgacha saqlanib qolgan. Ad.: Krishtofovich A. N., Paleobotanika Uzbekistana, t. 1-2, T., 1968-71.