Parmen

Parmen, qishki Parmen — kuzgi olma navi. Vatani — Angliya. O’zbekistonga 19-asrning oxirlarida keltirilgan. 1959 yilda O’zbekistonda ekish uchun tavsiya etilgan ekin navlari davlat reyestriga kiritilgan. Daraxti o’rta bo’yli — 5,5—6 metr, qulay sharoitda, unumdor yerda 7,5 metrgacha yetadi. Ko’chati o’tqazilgach, 4-5-yilda hosil beradi. 10— 12 yoshida ba’zi daraxtlari 200-300 kilogramm hosil beradi, lekin solkash. Rozmarin, Renet shampan navlaridan yaxshi changlanadi. Mevasi yumaloq yoki yapasqi cho’ziq, sirti silliq, rangi taram-taram, qizil-to’q sariq, eti sarg’imtir, qattiq, vazni 80-100 gramm, ba’zan 100-135 gramm. Toshkent, Farg’ona, Namangan, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida rayonlashtirilgan.