Pastoral nima?

Shunday manzarani bir tasavvur qilib ko’ring-chi: serquyosh o’tlos; maysalar dagal ham emas, tikanli ham emas, balki zaminni shundaqangi nozik feruza poyandoz bilan qoplagan; qo’ylar o’t chimdiydi — yaraqlaydi, qo’tonxonadan hozirgina qirqib qo’yib yuborilgandek yaxshi parvarishlangan; shu yerning o’zida bir-biri bilan sirlashayotgan, kabutarlardek g’ujullashayotgan, mayin jilmayuvchi cho’pon yigit va cho’pon qiz. Chindan-da ko’z to’ymaydi! Yaratganning qo’l yetmas ne’matlari! Darvoqe, cho’ponlarning xayolidan ketmas bu sahna fransuzchada pastoral deb ataladi. Osoyishta va sokin cho’pon baxti haqida orzu qilgan qadimgi yunonlar bu orzuni «idilliya» so’zi bilan atashgan. Qadimgi rimliklar esa unga «bukolika» deb nom berishadi. Bunga o’xshash narsa haqida siyosat va dahshatli urushlardan toliqqan paytlarida o’zlarini cho’ponlardek ko’rsatib baletda raqsga tushgan fransuz qirollari ham orzu qilishgan. O’z vatandoshlarini qishloq hayotining oddiygina saodatiga da’vat etganda faylasuflar ham cho’poniy jannat haqida orzumand bo’lishgan. O’z asarlari uchun eng yoqimli so’zlarni va mayin ranglarni tanlayotganda shoirlar va musavvirlar ham shunday orzularga giriftor bo’lishgandi. Rost-da, bastakorlar qatordan quruh qolishsinmi — pastoral-operalar, pastoral-baletlar go’zal ham oddiy cho’poniy tarixlar va kayfiyatlar jo etilgan boshqa musiqa asarlari yaratildi. Hattoki pastoral simfoniyalar bor. Ulardan eng mashhurlari Betxoven, Glazunov va Grechaninov tomonidan bastalangandir.