Pillachilik

Pillachilik — ipak qurti boqish, pilla yetishtirish majmui; qishloq xo’jaligining ipakchilik sanoati uchun xom ashyo yetkazib beradigan asosiy tarmoqlaridan biri. Pillachilik tarmoq sifatida Pillachilik ozuqa manbai bo’lgan tutzorlar barpo qilish; tutning yangi navlarini yaratish; ipak kurtining zotlari va durapiiarini yaratish; naslchilik ishlari, ipak kurti boqib, uning tuxumini etishtirish; ipakchilik sanoati uchun tirik pilla tayyorlash; pillani quritib, quruq pilla standarti talablariga mos keltirib korxonalarga topshirish; pillani dastlabki qayta ishlash va boshqalarni qamraydi. O’zbekistonda tut ipak qurti urug’ini tayyorlash, qurtini boqish, pillani dastlabki ishlash (dimlash va quritish), yangi qurt zotlari va duragaylarini yaratishni va tutchilikni o’z ichiga olgan mukammal majmua yaratilgan. Tut ipak kurti respublikaning barcha viloyatlarida yetishtiriladi. Respublika xududida tut ipak kurti juda qadimdan boqiladi. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, ipak kurta boqish milodiy 4-asrda Xitoydan O’rta Osiyoga tarqalgan. 1913 yilda O’zbekistonda 4 ming tonnaga yaqin pilla yetishtirilgan bo’lsa, uning 90% Farg’ona vodiysiga to’g’ri kelgan. 1922 yilda Toshkentda «turkipak» aktsiyadorlik jamiyatining tashkil etilishi pillachilikni rivojlantirishda muhim bosqich bo’ldi. 1927 yil Toshkent ipakchilik stansiyasi negizida O’rta Osiyo ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti (1991 yildan O’zbekiston ipakchilik instituti) tashkil etildi. 1930-yillarda tut ko’chati yetishtirishga alohida e’tibor berildi. 1940-90 yillarda Pillachilikda yuqori o’sish sur’atlariga erishildi, pilla yetishtirish deyarli 3 baravar ko’paydi. 1991 yilda respublikada 33,8 ming tonna pilla tayyorlandi. 1993 yildan pilla yetishtirish davlat buyurtmasidan chiqarilib, uni xarid qilish erkin kelishilgan narxlar asosida olib boriladi. Respublikada Pillachilik tarmog’ida 13 hududiy (viloyat) «pilla» aktsiyadorlik birlashmasi, 122 tumanlar «Pilla» aktsiyadorlik jamiyatlari, tut urug’i, niholi, ko’chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan 10 shirkat xo’jaligi, 3 ta naslli urug’chilik zavodi (Andijon, Samarqand, Farg’ona), 13 pillachilik tuxumchilik zavodi (Andijon, Asaka, Buxoro, Shahrisabz, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Kattaqo’rg’on, Farg’ona, Qo’qrn, Urganch, Xo’jaobod), 8 pillakashlik korxonalari (Toshkent «Tola», «Marg’ilon ipagi», Farg’ona «Buyuk ipak yo’li», Samarqand «hujum», «Buxoro ipagi», «Namangan ipagi», «buloqboshi ipagi», «Xorazm ipagi» aktsiyadorlik jamiyatlari) faoliyat ko’rsatadi. 2002 yilda Respublika Pillachilikda 21500 tonna tirik pilla, 8290,2 tonna quruq pilla tayyorlandi, 1003,2 tonna xom ipak, 130 tonna yigirilgan ipak ipi ishlab chiqarildi, 415 ming quti ipak qurti tuxumi tayyorlandi, 1,5 million dona tut ko’chati yetishtirildi. Tarmoqda 19 mingga yaqin xodimlar band. Tutchilik, zotli tuxumchilik muammolari va Pillachilik sohasi uchun kadrlar tayyorlash bilan Toshkent agrar universiteti Ipakchilik kafedrasi va O’zbekiston ipakchilik instituti shug’ullanadi. Jahonda pilla yetishtirish va xom ipak ishlab chiqarish bo’yicha O’zbekiston Xitoy, Yaponiya va Hindistondan keyin 4-o’rinni egallaydi. Hozirgi kunda yetishtirilayotgan pilla respublikaning hamma pillakashlik korxonalarini to’liq ta’minlash bilan birga uni chet elga sotish imkonini ham beradi. Pillachilik Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Braziliya, Tayvan, Pokiston, Suriya, Turkiya, Ispaniya, Misr va boshqa mamlakatlarda rivojlangan. Tabiiy ipak jahrnda ishlab chiqariladigan to’qimachilik tolalarining faqatgina 0,5% ni tashkil etadi, lekin ipak va ipak gazlamalarning texnika va maishiy turmushda keng qo’llanilishi tufayli jahon bozorida tabiiy ipakka bo’lgan talab juda yuqori. Zohidjon Obidjonov, Davronbek Xolmatov.