Pilta miltiq
Pilta miltiq — porox zaryadi pilta bilan alanga oldiriladigan silliq stvolli miltiq. Dastlab arablarda paydo bo’lgan (12-asr). Pilta miltiq yog’och qo’ndoqqa mahkamlangan metall quvurdan iborat bo’lib, dumaloq o’q bilan o’qlangan. Nishonga olish va otish qulay bo’lishi uchun ayrim tirkagichlardan foydalanilgan. Otish uchun stvoldagi maxsus teshikchaga pilta tiqib yondiriladi, pilta yonib, teshikchadan stvol ichiga alanga beradi va o’q otiladi. 15-asr o’rtalarida piltali zatvor ixtiro etilgach, Pilta miltiqni otish birmuncha osonlashdi. Pilta miltiq tepkili miltiq yaratilguncha keng qo’llanilgan. Pilta miltiqdan O’rta Osiyoda 19-asr 2-yarmigacha jang va ov quroli sifatida foydalanilgan.