Qadimgi fors tili

Qadimgi fors tili — Janubiy g’arbiy guruhga mansub o’lik eroniy til. O’rta fors tili, fors, tojik va dari tillari Qadimgi fors tilining bevosita davomchilari hisoblanadi. Dastlab Eron (Fors) ning Jan.g’arbida (hozirgi Eronning Fors viloyati hududida) tarqalgan. Axomaniylar sulolasiga mansub qadimiy hukmdorlar uchun ona tili maqomida bo’lgan bu til miloddan avvalgi 6-4-asrlarda Axomaniylar davlatining butun hududiga yoyilgan. Qadimgi fors tilidagi mixxatlar hozirgi Eron, Turkiya, Misr hududlaridan topilgan va matnlarning barchasi Elam, Akkad, oromiy kabi tillarga tarjimasi bilan yonmayon berilgan. Qadimgi fors tilida dialektal tafovutlar bo’lmagan. Fonetik xususiyatlari o’rta fors tilidagiga o’xshash. Til qurilishi sintetik, flektiv xususiyatga ega. Morfologik birliklarning 3 xil turi (o’zak morfemalar, affiksal morfemalar, fleksiya) kategorial ma’nolarni ifodalagan. Gapda so’z tartibi nisbatan erkin bo’lgan (ular, o’zaro boshqaruv, moslashuv, bitishuv usullari bilan birikkan). Leksikasida qadimiy eroniy (masalan, Midiya) va noeroniy (masalan, oromiy) tillardan o’zlashgan so’zlar bo’lgan. Qadimgi fors tilining harf-bo’g’inli yozuvi Akkad tilining bo’g’inli mixxat alifbosi bilan o’xshash. Eng qadimiy yodgorliklari Doro I ning miloddan avvalgi 521-486 yillardagi yozuv (bitik)laridir. Bu yozuvlarni o’qishni 1802 yilda nemis olimi G.F.Grotefend boshlab bergan. Ad.:Sokolov S.N., Drevnepersidkiy yaznk. V kn.: Osnovn iranskogo yazikoznaniya. Drevneiranskie yaziki, M., 1979. Anvar Ismoilov.