Qadimgi uyg’ur tili

Qadimgi uyg’ur tili — ilk o’rta asrlardagi (hozirgi o’lik) adabiy turkiy tillardan birining shartli nomi; 9-asr o’rtalari — 13-asr o’rtalarida Sharqiy Turkiston (hozirgi XXRning Sintszyan-Uyg’ur Muxtor rayoni)dagi Kucha(r) davlatining rasmiy tili bo’lgan. Qadimgi uyg’ur tili 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Sharqiy Turkistondan 8-18-asrlarga mansub yozma yodgorliklarning (bu yodgorliklar Berlin, Kioto, Sankt-Peterburg, London, Parij, Pekin, Istanbul, Stokgolmdagi qo’lyozma fondlarida saqlanadi va Markaziy Osiyo xalqlari tarixi hamda madaniyatini o’rganishda muhim manba hisoblanadi) topilishi natijasida fanga ma’lum bo’lgan. Matnlarda aks etgan lisoniy tafovutlarga qaraganda, Qadimgi uyg’ur tilining 2 lahjasi bo’lgan (ular shartli ravishda «plahja» va «lahja» deb nomlanadi). Qadimgi uyg’ur tili o’z davrida boshqa adabiy turkiy tillar (masalan, qadimiy o’g’uz tili) bilan ham umumiy, ham farqli fonetik va morfologik belgilarga ega bo’lgan bo’lsada, uning bunday xususiyatlari ko’proq urxun-yenisey yozuvi yodgorliklari tiliga yaqin turadi. Qadimgi uyg’ur tili yozma yodgorliklari deganda, asosiy manbalarda 5-13-asrlarda 3 xil yozuv shakli (urxun-yenisey, uyg’ur, Arab yozuvlari)da bitilgan matnlar ko’zda tutilsada, ulardan faqat 5-9-asrlarda urxunenisey yozuvida («Selenga toshi») hamda qadimiy uyg’ur yozuvida yaratilgan («moniylarning tavba namozi») va «moniyuyg’ur», «buddauyg’ur» deb ataluvchi yodgorliklargina Qadimgi uyg’ur tilining yodgorliklari hisoblanadi; Arab yozuvidagi musulmon-uyg’ur yodgorliklari esa Qoraxoniylar davri tiliga mansubdir. Shu bilan birga, har uchala turdagi yodgorliklar fonetik, leksik-grammatik jihatdan o’zaro farqlanadi. Ad.: Sherbak A.M., Grammaticheskiy ocherk yaznka tyurkskix tekstov X—XVII vv. iz Vostochnogo Turkestana, M. — L., 1961; Baskakov N.A., Vvedenie v izuchenie tyurkskix yazmkov, 2izd., M., 1969; Drevnetyurkskiy slovar, L., 1969; Nasilov V. M. , Yazmk tyurkskix pamyatnikov uygurskogo Pisma XI—XV vv., M., 1974; Abdurahmonov G’., Rustamov A., Qadimgi turkiy til, T, 1982.