Qalmog’iston, Qalmog’iston Respublikasi

Qalmog’iston, Qalmog’iston Respublikasi (Xalmg-Tangch) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Rossiya Yevropa qismining Janubida joylashgan. Maydoni 76,1 ming km2. Aholisi 292,4 ming kishi (2002). Poytaxti — Elista shahri ma’muriy jihatdan 13 tuman, 3 shahar, 6 shaharchaga bo’linadi. Davlat tuzumi. Qalmog’iston — respublika. Respublika boshlig’i — prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq xurali (parlament), ijrochi hokimiyatni rais boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Qalmog’iston Kaspiybo’yi pasttekisligining g’arbiy qismi, Ergeni qiri (eng baland joyi 222 metr, respublika hududidagi eng baland nuqta)ning katta qismi va Kumamanich botig’ini egallagan. Janubiy Sharqda Kaspiy dengizi bilan tutash. Foydali qazilmalardan gaz, neft, toshko’mir, tuz, turli binokorlik materiallari bor. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, quruq va qishi sovuq, kam qorli. O’rtacha temperatura yanvarda -5° dan -8° gacha, iyulda 23— 26°. O’rtacha yillik yog’in Janubi Sharqda 170-200 mm, shimoli g’arbda 300-400 mm. Yer usti suvlari kam. Kaspiybo’yi pasttekisligi va Kumamanich botig’ida sayoz sho’r ko’llar (sarpa, Sostin, Manichgudilo va boshqalar) bor. Kaspiy dengizi sohili botqoqli qamishzor. Tuproqlari, asosan, och jigarrang qumoq va qo’ng’ir qumoq tuproq. Shimol qismi betagachalov va shuvoqbetaga o’sadigan cho’l; Janubiy Sharqiy qismi boshoqli va shuvoq o’simliklari o’sadigan chala cho’l hamda shuvoqli cho’l. Pastliklarda qamish, o’tloq o’simliklari, Ergeni qirida tol, qayrag’och, tog’terak o’sadi. Hayvonlardan malla quyon, kemiruvchilar, bo’ri, tulki, sassiqko’zan, sayg’oq, qushlardan cho’l burguti, to’rg’ay, to’xtatuvaloq bor; ko’l va daryolarida baliqlar uchraydi. Qalmog’iston hududida Qora yerlar tabiiy qo’riqxonasi mavjud. Aholisi. Qalmoqlar respublikaning tub joy aholisidir. Shuningdek, rus, darg’in, chechen, qozoq, nemis, ukrain, avar va boshqalar yashaydi. Davlat tillari — qalmoq va rus tillari. Shahar aholisi 39,8%. Dindorlarning aksariyati buddaviylikka e’tiqod qiladi; pravoslavlar ham bor. Shaharlari: Elista, Gorodovikovsk, lagan. Tarixi. Qalmog’iston hududida odam neolit davridan yashab keladi. 11-asrda Qalmog’iston qipchoqlar hududining bir qismi bo’lgan. 13-asr 40-yillarida Oltin O’rda tarkibiga qo’shib olingan. 15-asrning 60-yillarida Oltin O’rdaning parchalanishi natijasida Ashtarxon xonligi tarkibiga kirgan. 1556 yil Qalmog’iston bu xonlik bilan birga Rossiyaga qo’shib olindi. 17-asrda avval Jung’ariyada yashagan, asli Markaziy Osiyodan kelgan ko’chmanchi chorvador qalmoqlar don va Volga daryolarining quyi oqimidagi yerlarga ko’chib o’tdilar va 17-asrning 2-yarmida Qalmoq xonligini barpo etdilar. 1608-09 yillardan boshlab 17-18-asrlar davomida barcha uluslar Rossiya imperiyasi tarkibiga kirdi. 1771 yil qalmoqlarning bir qismi Xitoyga ko’chib ketdi. 1771 yil oktyabrda Qalmoq xonligi barham topdi. Qolgan qalmoq oilalari Astraxon guberniya boshqarmasi qaramog’iga o’tdi. 18-asrning 2-yarmida qalmoqlarning bir qismi Ural, Terek, Kuma daryolari bo’ylariga ko’chirildi. Qalmoq xalqining ma’muriyhududiy jihatdan bo’lib tashlanishi ularning milliy jipslashuviga g’ov bo’ldi. Rossiyadagi inqilobiy harakat ta’sirida Qalmog’iston mehnatkashlari mustamlakachilik zulmiga qarshi kurash yo’liga o’tdilar. 1905— 09 yillarda bir qancha uluslarda xalq g’alayonlari bo’lib o’tdi, lekin ular shafqatsiz bostirildi. 1918 yil Fevral — martda Qalmog’istonda sovet hokimiyati o’rnatildi. 1920 yil 4 noyabrda RSFSR tarkibida Qalmog’iston Muxtor viloyati tashkil etildi (1927 yilgacha markazi Astraxon shahri bo’lgan). 1935 yil oktyabrda Qalmog’iston Muxtor viloyati Muxtor Respublikaga aylantirildi. 2-jahon urushi yillari Qalmog’iston hududining ancha qismi nemis fashist bosqinchilari tomonidan bosib olindi (1942 yil dekabr — 1943 yil yanvar). 1943 yil dekabrda Qalmog’iston Muxtor Respublikasi tugatildi, aholisi majburlab o’z hududlaridan mamlakatning Sharqiy rayonlariga ko’chirildi. 1957 yil yanvarda qalmoqlar muxtoriyati tiklandi va Qalmog’iston Muxtor viloyati tuzildi. 1958 yil 29 iyulda Qalmog’iston Muxtor Respublikasiga aylantirildi. 1990 yil oktyabrda respublika Oliy Kengashi Qalmog’istonning davlat suvereniteti to’g’risida deklaratsiya qabul qildi. 1991 yil sentyabrda prezident lavozimi joriy etildi. 1992 yil Fevraldan Qalmog’iston Respublikasi (Xalmgtangch) deb atala boshladi. Xo’jaligi. 1990-yillarning oxiri — 2000-yillarning boshlarida yalpi mahsulotda sanoat ulushi 25%, qurilishniki 5,9%, transportniki 2,1%, savdoniki 5,6% ni tashkil etdi. Barcha korxonalarning 78% xususiy, 6,6% davlatga, qolganlari mulkchilikning boshqa turlariga qarashlidir. Sanoatining asosiy tarmoqlari: yoqilg’i (sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmining 48,4%), elektr energetika (28,3%), binokorlik materiallari sanoati (7,7%), oziq-ovqat (5,7%), unyorma va omuxta yem (3,9%), mashinasozlik va metallsozlik (2,3%), yengil (0,6%), o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyulozayog’och (0,4%). Tabiiy gaz, neft, binokorlik materiallari qazib olinadi. Elista shahrida go’sht, binokorlik materiallari kombinati, non zavodi, yengil sanoat korxonasi, lagan shahrida go’shtkonserva kombinati, mashinasozlik zavodi (maxsus kuzovli avtomobil va avtosisterna ishlab chiqaradi), temirbeton mahsulotlari zavodi bor. Qishloq xo’jaligi yalpi mahsulotning 63,6% chorvachilikka, 36,4% dehqonchilikka to’g’ri keladi. Qalmog’iston hududining taxminan 4786,9 ming gektardan foydalaniladi, undan 16,8% haydaladi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — chorvachilik (mayin junli qo’ychilik va go’sht chorvachiligi); cho’chqachilik va yilqichilik ham rivojlangan. Dehqonchilikda, asosan, bug’doy va yemxashak ekinlari, shuningdek, kartoshka, sabzavot ekiladi. Transporti. Avtomobil yo’llari uzunligi — 2280 kilometr. Temir yo’l uzunligi -154 kilometr. Elista shahrida aeroport bor. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 2000 yillar boshida Qalmog’istonda 10 ming aholiga 45 vrach to’g’ri keldi. «Lola» sanatoriysi va sanatoriy-profilaktoriy mavjud. 250 umumiy ta’lim maktabida 56 ming, 7 o’rta maxsus o’quv yurtida 4,5 ming o’quvchi, 1 oliy o’quv yurti (Qalmog’iston uni versiteti)da 5 ming talaba ta’lim oladi. Ilmiy tadqiqotlar tarix, Filologiya va iqtisodiyot instituti, Qalmog’iston go’sht chorvachiligi ilmiy tekshirish instituti, Qalmog’iston tajribamelioratsiya stansiyasi va boshqalar ilmiy muassasalarda olib boriladi. Respublikada 150 dan ortiq kutubxona, o’lkashunoslik muzeyi bor. Teleko’rsatuv va radioeshittirishlar qalmoq va rus tillarida olib boriladi. Elista shahrida telemarkaz ishlaydi. Qalmoq va rus tillarida gaz. nashr etiladi. Adabiyoti. Qalmoq badiiy adabiyoti boy milliy folklor asosida vujudga keldi. Qalmoqlarning doston va afsonalari, maqol va matallari, qo’shiq, ertak va qahramonlik eposi — «Jangar» (15-asr) mashhur. 1648 yil Zayapandita (1599— 1662) tomonidan qalmoq yozuvi («aniq xat») yaratilgunga qadar qalmoqlar umummo’g’ul alfavitidan foydalanganlar. Yozuvning paydo bo’lishi milliy adabiyotning shakllanishiga ta’sir ko’rsatdi. 19-asrda erksevar shoir Anchxon Jirgalo she’rlari shuhrat qozondi. 1920-yillarda X. Kanukov, N. Manjiev, S.Kalyaev, V. Suseev, X. SyanBelgin, 1930- yillarda B.Basangov, G. Davan, Ts.Lejinov, K.Erenjenov va boshqalar adiblar samarali ijod qildilar. 30-40-yillarda adabiyotga L. Injiyev, M.Narmeev, E. Kogteyev, B.Darjiev, A. Balakaev, D. Kugultinov, B. Mukebenov, D. Shabaliev va boshqalar yozuvchi va shoirlar kirib keldi. 50-70- yillarda yozuvchilar safiga V.Sangajieva, M.Xoninov, A.Badmaev, A.Jimbiev, T.Bembeevlar kelib qo’shildi. Respublikada bolalar adabiyoti, satira va yumor sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvador qalmoqlarda 17-19-asrlarda, asosan, tagi panjarali, usti namat bilan yopilgan, yig’ma ajraladigan uy (Ger)lar mavjud edi. 17-asrdan boshlab dastlab yog’och yoki namatdan, 18-asr oxiridan g’isht va toshdan monastirxurullar qurila boshladi. 1920 yildan Qalmog’istondagi shahar va qishloqlarda ko’p qavatli turar joy, jamoat, madaniymaishiy va ma’muriy binolar qad ko’tardi. Me’morlardan M. Pyurveev, V.Telegin, N.Baraev mashhur. Qalmog’istonda qadimdan amaliybezak san’ati- ning har xil turlari mavjud. Uylarning yog’och qismlari, mebel, ro’zg’or buyumlari o’ymakorlik va naqsh bilan bezatiladi. Charm idish, oyoq kiyimlariga bosma naqsh solinadi. Kumush buyumlar (soch taqinchoqlari, uzuk, zirak, kamar va boshqalar)ga o’yib naqsh ishlanadi. 18-19-asrlar san’atiga tibetmo’g’ul an’analarining ta’siri kuchli bo’ldi (grafik F.Kalmik, rang-tasvirchi A.Egorov). Keyingi yillarda rassomlik (I.Nusxaev, L.Ochirov, P.Emchigirova, G.Rokchinskiy, K.Oldaev), grafik (B.Danilchenko), haykaltaroshlik (N.Sanjiev) rivojlandi. Musiqasi. Qalmoq xalq qo’shiq (dun) lari bir ovozli bo’lib, tarixiy, marosim, lirik, hazil va boshqalar aytim- lardan iborat. Ut dun (uzun kuy)larga badihaviylik, boy nolaqochirimlar, ohangdor ritm xos. Axr dun (qisqa quy) lar do’mbira (yoki garmon) jo’rligida ijro etiladi, aniq ritm va shaklga asos- langan. «Jangar» dostoni baxshi (Jangarchi)lar tomonidan rechitativ uslubida bo’g’iz ovozi bilan ijro etiladi. Xalq raqslari erkaklar tomonidan jo’shqin, ayollar tomonidan mayin ijro etiladi. Musiqa asboblari: yatga, topshur, xur (torli va kamonli), bichkyur, byurya, uxrbyurya (puflama), kenkerte, Tsang, arambru (zarbli), shuningdek, do’mbira va garmon. 1920-yillardan havaskor musiqa san’ati, professional musiqa (kompozitorlar M.Grachyov, P.Chonkushev va boshqalar) rivojlandi. Musiqa arboblaridan V.Garyaeva, V.Ilsaranova, U.Lijieva va boshqalar mashhur. Respublikada «Lola» ashula va raqs ansambli (1937), filarmoniya (1939), Elistada musiqa bilim yurti (1960) faoliyat ko’rsatadi. Teatri. 1926 yil Astraxonda qalmoq drama maktabi tashkil etilgan bo’lib, 1930 yil aktyorlik, musiqa va xoreografiya bo’limlariga ega san’at texnikumiga aylantirildi. 1936 yil Elistada drama teatri (1992 yildan Qalmoq musiqali drama teatri) tashkil etildi. 1950-70 yillar bu teatrda R.Xubesova, G.Xugaev, G.Mamlin, M.Karim, B.Basangov, S.Kalyaev, M.Shatrov va boshqalarning pesalari qo’yildi. Teatr artistlaridan M.Erenjenov, B.Balbakova, L. Aleksandrov va boshqalar mashhur.