Qalmoqqir mis koni

Qalmoqqir mis koni — Toshkent viloyatidagi Olmaliq shahrining shimoliy g’arbiy qismiga tutashgan. 1931 yilda topilgan. Kondan 1951 yildan foydalanilmoqda. Qalmoqqir mis koni misporfir tipidagi dunyo bo’yicha eng yirik hisoblangan 10 ta ob’yektlar qatoriga kiradi. Kon cho’kindi, vulkanogen va intruziv jinslar majmuasidan tarkib topgan, ularda magmatik hosilalar ko’proq uchraydi. Konning geologik tuzilishida riolitporfirlar, dolomitlar va ohaktoshlar, andezitdasitli porfirlar, kvarsli monsonitporfirlar, granodioritporfirli daykalar, dioritli va diabazli porfiritlar mavjud. Vulkanogencho’kindi qatlam jinslarini sienitdiorit qatoridagi asosliroq intruzivlar yorib chiqqan va qisman ular bilan assimilyatsiyalashgan. Asosiy ruda qamrovchi jinslar yirik shtok shaklida mujassamlashgan sienitdioritlar, dioritlar va riolitporfirlardir. Porfirli shtokning yuqori qismi apofizalari karerda, chuqurlik qismi esa chuqur burg’i quduqlari bilan 3700 metrgacha ochilgan. Kon rudalari 3 texnologik tipga: oksidlangan, aralash (tarkibida ikkilamchi sulfidlar bo’lgan) va birlamchi sulfidlarga bo’linadi. Oksidlangan rudalar murakkab tuzilishi bilan farqlanib, ko’pincha turli qalinlikdagi tik yotuvchi tomir, qatlam, linza va ustun ko’rinishlarda uchraydi. Gipergenez zonasining eng ko’p qalinligi 180 metr (o’rtacha 60-65 metr), oksidlangan rudalarning o’rtacha qalinligi 20 metr, aralash va xalkozinlilarniki 19 metrdan iborat. Oksidlangan rudalardagi misning tarkibi — 0,3 dan 3% gacha, ikkilamchi sulfidli boyish zonasida — 0,3 dan 4% gacha. Qalmoqqir mis konining birlamchi rudalari tarkibida mis — 0,58%, molibden — 0,005 %, oltin — 0,5 g/t, kumush — 3 g/t, ol- tingugurt 1,5— 2%, kamyob elementlar (selen, tellur, reniy, vismut, indiy va boshqalar) mavjud. Konning Markaziy qismi mis va temir sulfidlariga boy. Oltinning taqsimlanishi xalkopiritli minerallashish bilan bog’liq. Rudali shtokverkning kuzatilgan qalinligi 1240 metrgacha. U yaxlit uzluksiz tanani tashkil qilib, konning o’rta qismiga kelganda tarmoqlanadi. Konning boy o’zak qismining o’lchamlari: uzunligi 1740 metr, eni 500 metr, eng katta qalinligi 450 metr bo’lib, unda mis o’rtacha — 0,62%, molibden — 0,004%, oltin — 0,9 g/t, kumush — 3,55 g/t. Konda metasomatik o’zgargan jinslar keng tarqalgan. Ularda greyzenlashish eruptivli brekchiyalar va qora granitporfirlarning daykalarida mujassamlashgan. Qalmoqqir mis konining kvarsserisitli metasomatitlari odatdagi ikkilamchi kvartsitlardan o’zida boy glinozyomli minerallarning (korund, diaspor, andaluzit va boshqalar) deyarli uchramasligi bilan farq qiladi.