Qamal, qurshov, muhosara
Qamal, qurshov, muhosara — shahar, qal’a va shunga o’xshash istehkomlarni ishg’ol qilish uchun o’tkaziladigan harbiy harakatlar usuli. Qadim zamonlardayoq shahar yoki qal’ani to’satdan hujum qilib olib bo’lmagan taqdirda Qamaldan foydalanilgan. Qamal paytida qal’a qo’shin bilan chor atrofdan qurshab olingan va ketma-ket hujumlar uyushtirilgan. Ba’zan esa qamalchilar qamaldagilarning oziq-ovqat, o’qdorilari tugagach, taslim bo’lishlarini kutishgan. Shahar, qal’a atrofida sarko’blar ko’tarilgan. Mudofaa devorlari ostidan yer osti yo’llari (naqblar) qazilgan. Odatda, Qamal qiluvchi qo’shinning muayyan qismi o’zlari barpo etgan istehkomlarni Qamalda qolganlarning to’satdan uyushtiriladigan xamlasidan muhofaza qilish bilan mashg’ul bo’lgan, asosiy qismi esa mudofaachilarni tinkasini qurituvchi harbiy harakatlarda faol qatnashgan. Tarixiy manbalar, Qamalning ba’zan oylab, hatto yillab davom etganligini ko’rsatadi. Xususan, O’tror mo’g’ullar tomonidan 5 oy, Samarqand esa Shayboniyxon tomonidan 6 oy Qamal qilingan. Qamalchilar qal’a, Hisor, shahar va hokazolarga kirish maqsadida turli amaliyotlar (devorlarni buzish, raxnalar solish) qo’llashgan. Poroxning kashf etilishi va artilleriyaning qurollanishdan muqim o’rin olishi bilan mudofaa devorlarini porox yordamida portlatish, zambarakdan o’qqa tutish rivojlangan. O’rta asrlarda Chingiziylar va temuriylar armiyasida qal’a, qo’rg’on, Hisor va shaharlarni Qamal qilishda toshotar qurollar va ra’ddan keng foydalanilgan. 17-asrdan qal’a artilleriyasi qo’llanishga kirib kelgan. 18-20-asrlarning boshlarida Qamalchi armiyalar tuzilgan. 1-jahon urushidan so’ng qal’a va shaharlarni zabt etishning zamonaviy vositalari paydo bo’lganligi bois Qamal atamasining ma’nosi o’zgarib, blokada tushunchasini ifodalaydigan bo’ldi. Ad.: Bobur, Boburnoma, T., 1960; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T, 1996.