Qamashi tumani

Qamashi tumani — Qashqadaryo viloyatidagi tuman, 1937 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Qarshi tumaniga qo’shilgan. 1964 yil 31 dekabrda yana qaytadan tashkil etilgan. Shimoldan Chiroqchi, Yakkabog’, Shahrisabz tumanlari, g’arbdan Koson tumani, Janubdan G’uzor, Dehqonobod tumanlari, sharqdan Surxondaryo viloyatining Boysun tumani bilan chegaradosh. Maydoni 2,66 ming km2. Aholisi 191,4 ming kishi (2005). Tumanda 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Yortepa, Jonbuzsoy, Ko’kbuloq, Laylaksoy, Oqravot, To’qboy, Chim, Qamay, Qiziltepa, Korabog’, Qoratepa) bor. Markazi — Qamashi shahri Tabiati. Tuman hududi g’arbdan sharqqa 150 kilometr, shimoldan Janubga 40-45 kilometrga cho’zilgan. Hududining g’arbiy qismi relefi, asosan, tekislikdan iborat. Umumiy maydonining 1/4 qismini qarshi dashti egallagan. Tuman relefi sharqqa tomon ko’tarila boradi, tekisliklar, qiradirlar, so’ngra past va balandroq tog’lar almashinib keladi. Hisor tizmasining Janubiy g’arbiy tarmoqdaridan bo’lgan Chaqchar tog’i viloyatdagi eng baland tog’ bo’lib (katta Xuroson, asli katta xarsang cho’qqisi, 3749 metr), Qashqadaryo havzasini Surxondaryo havzasidan ajratib turadi. Tumanda qazilma boyliklardan — turli xil qurilish materiallari mavjud. Qashqadaryo (tumanning eng g’arbiy tekislik qismida 30 kilometr masofada oqib o’tadi) va uning irmog’i Langar asosiy suv manbalaridir. Qashqadaryo havzasiga kiruvchi Yakkabog’daryo va G’uzordaryoning yuqori qismlari (Qizildaryo, Tirnasoy, Katta Uradaryo) ham tuman hududidan suv oladi. Qashqadaryo viloyatidagi eng yirik Chimqo’ron suv ombori tuman hududida joylashgan. Xo’jaliklarni suv bilan ta’minlovchi ariq va kanallar (chim, Janbuz, Tayoqli, Sag’anak kabilar) shu suv omboridan boshlanadi. Iqlimi kontinental. O’rtacha yillik temperatura 7,2°. Yanvar oyining o’rtacha temperaturasi -4,6°, iyulniki 20,1°. Vegetatsiya davri tekislik qismida 240 kun, tog’li qismlarida 200 kun. Yillik yog’in 327 mm dan (tekislikda) 612 mm gacha (tog’lik qismida). Tuproqlari ham tekislikdan tog’larga tomon o’zgarib boradi: tipik bo’z tuproq, qo’ng’ir bo’z tuproq, qumoq bo’z tuproq; Daryo vodiylarida o’tloqi tuproqlar tarqalgan. Turli xil efemeroidlar — qo’ng’irbosh, yaltirbosh, no’xatak, lolaqizg’aldoq, shuningdek, kovrak, bug’doyiq, oqquray, qoramurch, yantoq, qizilmiya, yulg’un, tol, archa, zarang, pista, bodom, do’lana, itburun, qatrang’i, yovvoyi olcha, yong’oq va boshqalar o’sadi. Tulki, quyon, qobon, tog’ayig’i, kiyik, bo’rsiq, jayra, kalamush, sichqon, turli xil zaharli ilonlar, echkemar, kaltakesak; parrandalardan kaklik, kaptar, chil, so’fito’rg’ay, zarg’aldoq, chumchuq, chug’urchiq, bedana, Lochin, burgut, qirg’ovul va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 72 kishi. Shahar aholisi 33,6 ming kishi, qishloq aholisi 157,8 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tumanda 3,5 mingga yaqin korxona, jumladan sanoat, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko’rsatish va hokazolar faoliyat ko’rsatmoqda. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxonalar, kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar bor. 3 ta qo’shma korxona ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligi, asosan, paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashgan. Tog’li hududlarda bahorikor g’allachilik (bug’doy, arpa) rivojlangan. Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Chorvachilikning muhim sohasi qoramolchilik (asosan, sug’oriladigan zonada), qo’ychilik (tog’ zonasida) hisoblanadi. Tumanda shirkat. dehqon, fermer xo’jaliklari va boshqalar qishloq xo’jalik korxonalari bor. Ekin maydonlarining 9,8 ming gektar yeriga paxta, 25,6 ming gektar yeriga g’alla, shuningdek, sabzavot va kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 61,4 mingga yaqin qoramol, 110,3 mingdan ziyod qo’y va echki, 130,2 mingdan ziyod parranda, 3,4 mingga yaqin yilqi boqiladi. 85 umumiy ta’lim maktabi (52,5 ming o’quvchi), 2 litsey va ixtisoslashgan maktab, bolalar musiqa maktablari, Mehribonlik uyi, 4 kasb-hunar kolleji (3,2 ming talaba), Markaziy kutubxona, 12 klub muassasalari, madaniyat uylari bor. «Egachim» folklor etnografik, «Qirg’aldoq» bolalar etnografik, «Mingbarg», «Bo’yrachi», «Bo’ston», «Mahallada duvduv gap» ashula va raqs ansambllari faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, tug’ruqxona, poliklinika, ambulatoriya, 12 qishloq vrachlik punkti, 35 feldsher akusherlik punktida 257 vrach, 1637 o’rta tibbiy xodim aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan qarshi — kitob temir yo’l, Katta O’zbekiston trakti o’tadi. Qamashi shahridan qarshi shahri va boshqalar tumanlar markazlariga avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan. 1941 yil 16 iyundan «Qamashi haqiqati» gazeta chop etiladi.