Qanday musiqani mumtoz deb ataymiz?

Biz: «mumtoz musiqa», «mumtoz adabiyot» va hattoki «mumtoz djaz» degan ibora-atamalarni ko’p marotaba eshitganmiz. Nimani bildiradi bu g’aroyib kalimalar? Yevropada ham, gohida o’zimizda ham «klassika» tarzida qo’llanadigan «mumtoz»imiz lotincha «klassikus» — «namunali» so’zidan kelib chiqqan ekan. Mumtoz musiqa asari — bu, o’tgan zamonlarda bastalangan, ammo hozir ham yashab kelayotgan asar. Bunday musiqa — tahlid va muqoyasa uchun namuna. Boshqacha aytganda: zamon sinovlariga dosh bergan va kishilar hanuzgacha xush tutadigan narsa — klassika. Hozirgi musiqalardan biron nima klassika bo’la oladimi, ya’ni kelajakda ham yashab qoladimi, — bu hali noma’lum, bu xususda faqat taxminga borish mumkin xolos. Klassiklar deb, odatda, o’tmish bastakorlarining eng a’lolarini atashadi. Mumtoz musiqa asarlari, mumtoz musiqa asboblari, mumtoz djaz xususida so’z yuritiladi. Mumtoz musiqa ummonida alohida «mumtoziyat oroli» — Vena klassiklari bor. Bilganingizdek, Avstriya Respublikasining poytaxti — Vena shahrida deyarli bir zamonda: XVIII asrning oxirlari — XIX asrning boshlarida yashab o’tgan kompozitorlarni Vena klassiklari deb hisoblash odat tusiga kirgan. Mana, ularning ismi shariflari: Gaydn, Mosart, Betxoven. Ularning dohiyona musiqalari bugun ham yangramoqda va hali ona sayyoramizda hayot mavjud ekan, muqarrar jaranglayveradi.