Qandsiz diabet

Qandsiz diabet — neyroendokrin kasallik; asosan, gipotalamus va gipofiz funktsiyasining buzilishidan kelib chiqadi. Kasallik 17-asrda aniqlangan, ammo, qandli diabetdan farqlay olmaganliklari sababli, unga alohida dard sifatida qarashmagan. Qandsiz diabet birinchi bo’lib ingliz olimi Tomas Uillis tomonidan aniqlandi (1674 yil). U Qandsiz diabetga chalingan bemorlar siydigini tekshirib, qandli diabetdan farqli ravishda ularning siydigi tarkibida qand moddasini topmagan va bu kasallikni qandsiz diabet deb atagan. Kasallik, asosan, yosh erkak va ayollarda, qisman bolalarda ham kuzatiladi. Qandsiz diabetga xos alomatlar to’satdan boshlanadi, bemor ko’p siyadi (poliuriya), juda chanqaydi va ko’p suyuqlik ichadi (polidipsiya), og’zi quriydi. Kasallikning bu belgilari tez orada zo’rayadi, bemor bezovtalanadi, asabiylashadi. Dard avjiga chiqqan davrda 1 kunda ajraladigan siydik miqsori nihoyatda oshib ketishi mumkin. Bolalarda bu kasallik kechasi siyib qo’yish (enurez) bilan boshlanadi. Tez orada bemor ancha ozadi, organizmida minerallar almashinuvi buzilishi natijasida terisi quruqshab qoladi, sochlari sinuvchan, tez- tez to’kiladigan, tirnoqlari mo’rt va uvalanadigan bo’lib qoladi. Ko’p miqdorda suv ichish ovqat hazm qilish tizimiga noxush ta’sir ko’rsatadi. Me’daning hazm fermentlari ishlab chiqarish faoliyati izdan chiqib, surunkali gastrit, o’t pufagi sekretor faoliyati buzilishi, ingichka va yo’g’on ichaklar harakatining izdan chiqishi, shilliq qavatlarga putur yetishi, doimiy qabziyat va boshqalar kelib chiqadi. Haddan ziyod ko’p suv ichish me’da’ devorining cho’zilib, hajmi kattalashishiga va me’daning pastga tushishiga olib keladi, bu me’da atrofidagi a’zolar faoliyatiga ham ta’sir qiladi. Ayollarda hayz ko’rishning buzilishiga, erkaklarda jinsiy maylning susayishiga, bolalarda esa o’sish va rivojlanishdan orqada qolish, jinsiy va jismoniy rivojlanishning kechikishi kabi holatlarga olib keladi. Kasallik uzoq davom etadi, ko’pincha uning rivojlanishi bosh miya jarohati va undagi jarrohlik amaliyotlaridan so’ng, bakterial meningit, virusli entsefalit, zaxm, bosh miya o’smalari bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Kasallikka bemorning shikoyatlari, siydik tahlili, nevrologik, oftalmologik, rentgenologik va gipofizning kompyuter va magnitrezonansli tomografiya natijalariga asoslangan holda diagnoz qo’yiladi. Odsini olish uchun kasallikning birinchi belgilari boshlanishi bilan endokrinologga murojaat etish va uning ko’rsatmalariga qat’iy rioya qilish lozim. Kasallik o’z vaqtida davolansa, bemor butunlay sog’ayib ketishi mumkin.