Qanot

Qanot — 1) qo’shin safi, jangovar tartib (yasol) yoki operativ tizilishning o’ng yoki chap qismini ifodalovchi atama. O’rta asrlarda Qoraxoniylar qo’shinining o’ng Qanoti — o’ng, chap Qanoti — so’l, chingiziylar lashkarining o’ng Qanoti — barang’ar, chap Qanoti — juvang’ar, temuriylar qo’shinining o’ng Qanoti — barang’ar, o’ng qo’l — Maymana, chap Qanoti — juvang’ar va so’l qo’l — Maysara atamalari bilan anglashilgan; 2) o’rta asrlarda ko’chmanchi mo’g’ullar va Chingiziylar davrida saltanatning 2 — o’ng va chap qismi. 13-asrning 40-yillarida Jo’ji ulusi ikki Qanotga bo’lingan. O’ng Qanot Botu va Shaybon (Dunaydan Irtish va Chulutgacha)ga tegishli yerlardan, chap Qanot esa Jo’jining to’ng’ich farzandi O’rdaga taalluqli hududlar (hozirgi Qozog’istonning Janubi sharqi)dan iborat bo’lgan; 3) AQSh harbiy-havo Kuchlarida yetakchi tashkiliy va taktik harbiy qism. Vazifasi va qurollanishiga muvofiq, Qanot og’ir bombardimonchi, o’rta bombardimonchi, havo kosmik (raketa), ayg’oqchi (razvedkachi) va yoqilg’i bilan ta’minlovchi (zapravkachi) turlarga taqsimlanadi. Qanot shtabqarorgoh, 2-5 eskadrilya, Aerodrom xizmati guruhi va moddiytexnika ta’minoti bo’linmalaridan tashkil topgan. 2-3 Qanot aviadiviziyani tarkib toptiradi.